Rossiya Davlat Dumasi yalpi majlisda migratsiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kirituvchi qator loyihalarni birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda «Kommersant» xabar berdi.
Qayd qilinishicha, qonunlardan birida migrantlar uchun kompleks imtihonni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha huquq va majburiyatlarni uchinchi shaxslarga berishni taqiqlash nazarda tutilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, migrantlar rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha test topshirishi shart. Migrantlarni sinovdan o‘tkazadigan ta’lim tashkilotlari ro‘yxatini tuzish faqat hukumat zimmasiga yuklatilishi taklif qilinmoqda.
Noqonuniy migratsiyani tashkil etishda foydalaniladigan hujjatlarni qalbakilashtirganlik uchun yuridik shaxslarning javobgarligini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda qabul qilindi. Birinchi qoidabuzarlik uchun bu 5 milliondan 10 million rublgacha, takror qoidabuzarlik uchun 10 milliondan 60 million rublgacha jarima bilan jazolanadi. Hozir aybdorlar 400 mingdan 1 million rublgacha jarimaga tortilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik bo‘yicha ham jarimalar oshirilmoqda. Jumladan, chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni soxtalashtirish uchun jarima 50 mingdan 100 ming rublgacha, takror qoidabuzarlik uchun - 100 mingdan 300 ming rublgacha bo‘ladi. Hozir jazo mos ravishda 30 mingdan 50 ming rublgacha va 50 ming rubldan 100 ming rublgacha.
Migratsiya sohasida noqonuniy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha takliflar va noqonuniy migratsiyani tashkil etish usullari e’lon qilingan saytlarni suddan tashqari bloklash to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu o‘zgarish «Axborot, axborot texnologiyalari va axborotni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilmoqda.