O‘zbekistonda muomaladagi naqd pul ulushi 20,7 foizgacha kamaydi - Markaziy bank

Iqtisodiyot 23:48 / 23.10.2024 2806

O‘zbekistonda 2024 yilning to‘qqiz oyi davomida naqd pul muomalasi banklarga naqd pullar tushumi manbalarida va banklardan berilgan naqd pul maqsadlari bo‘yicha keskin tarkibiy o‘zgarishlarsiz, nominal miqdorining o‘sishi fonida shakllandi. Bu haqda Markaziy bankning qisqacha sharhida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, mazkur holat muomaladagi naqd pullarning yil boshiga nisbatan 16 foizga oshgani holda, aholining daromadlari ko‘payishi va xarid qobilyatini o‘sishi hisobiga yuzaga kelgan. Yanvar—sentabr oylarida umumiy pul tushumlari (naqd pul va terminal tushumlari) 605 trillion so‘mni tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 27 foizga oshgan.

Shuningdek, to‘qqiz oy davomida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 727 trillion so‘mni (naqd pul tushumlari – 360 trillion so‘m, berilgan naqd pullar – 367 trillion so‘m) tashkil etgani holda, 2023 yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshgan.

Banklar kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali jami berilgan naqd pullar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 68 trillion so‘mga yoki 23 foizga oshgan. Mazkur holat asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 30 trillion so‘mga hamda banklar tomonidan aholidan naqd chet el valutasini sotib olish hajmining 21 trillion so‘mga o‘sishi hisobiga yuzaga kelan.

2024 yil yanvar—sentabr oylarida bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar (740 trillion so‘m) 2023 yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga oshib, ushbu davrda bank kartalaridagi 167 trillion so‘m mablag‘lar naqdlashtirib olingan.

«Bahor—yoz mavsumlarida iqtisodiy faollikning o‘sishi hisobiga naqd pulga talabning oshishi natijasida Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullar chiqarishni taqazo etdi. Jumladan, Markaziy bank tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 8 trillion so‘m naqd pullar chiqarildi va 1 oktyabr holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 20,7 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 foiz bandga pasaydi», — deyiladi sharhda.

Ko‘proq yangiliklar: