Dunyoning eng badavlat insonlari — Ilon Mask va Mukesh Ambani o‘rtasidagi munosabat Hindistonni keng polosali aloqa sun’iy yo‘ldoshi bilan ta’minlash bozoridagi raqobat tufayli keskinlashdi, deb yozadi BBC.
O‘tgan hafta Hindiston hukumati sun’iy yo‘ldosh sohasi auksion orqali emas, balki ma’muriy tartibda taqsimlanishini e’lon qildi. Oldinroq Mask Ambani tomonidan qo‘llab-quvvatlangan auksion modelini tanqid qilgandi.
Keng polosali sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i an’anaviy hisoblangan DSL (telefon tarmoqlaridan foydalangan holda ulanish) yoki kabeldan farqli ravishda olis hududlarni ham internet bilan ta’minlay oladi.
ICRA reyting agentligi prognozlariga ko‘ra, 2025 yilga borib Hindistonda sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalanuvchilar soni 2 million kishiga yetadi. Bozor raqobatbardosh bo‘lib, unda Ambaniga qarashli Reliance Jio boshchiligidagi o‘nlab «o‘yinchilar» mavjud.
Telekommunikatsiya sohasida yetakchilikni egallash maqsadida efir chastotalari savodiga qaratilgan auksionlarga milliardlab dollar sarmoya kiritgan Jio kompaniyasi endilikda Lyuksemburgning yetakchi sun’iy yo‘ldosh operatori hisoblangan SES Astra bilan sheriklik bitimini imzoladi.
Ilon Maskning sun’iy yo‘ldoshlarni past Yer orbitasida qo‘llaydigan Starlink kompaniyasidan farqli ravishda SES o‘z qurilmalarini o‘rta Yer orbitasiga joylashtirib keladi. Starlink hozirga qadar orbitaga 6419 ta sun’iy yo‘ldoshni uchirgan va dunyoning 100 ta mamlakatida 4 million foydalanuvchisi bor. U 2021 yilda Hindistonda o‘z xizmatini taklif etmoqchi bo‘lgandi, ammo qonunchilik normalari bunga yo‘l bermay kelayotgan edi.
Mutaxassislarning fikricha, agar Maskning kompaniyasi Hindiston bozoriga kirsa, bu bosh vazir Narendra Modining chet el investitsiyasini jalb etish borasidagi sa’y-harakatlariga xizmat qiladi. O‘z navbatida shu orqali hukumat biznes manfaatlarini himoya qilishini ta’kidlab keladigan mamlakat imidjini mustahkamlaydi