Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tadqiqotchilari aholi turmush farovonligi, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat ravnaqiga ta’sir qiladigan omillar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Unga ko‘ra, ona tilini puxta o‘rganish va unga asoslangan ta’lim (Mother tongue based) aholi savodxonligi va muvaffaqiyatli o‘qish, mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini oshiradi. Shuningdek, mahalliy tilga ko‘proq e’tibor qaratadigan mamlakatlarda ijtimoiy taraqqiyot, harakatchanlik va kapitalning yaxshilanishi aniqlangan, deyiladi tadqiqotda.
YuNeSKO tadqiqotiga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda ona tiliga asoslangan ta’lim dasturlarida ta’lim olgan bolalarda nafaqat savodxonlik ko‘nikmalari, balki o‘ziga bo‘lgan ishonch va madaniy g‘urur ham oshadi.
Tadqiqotdagi hisob-kitoblarda O‘zbekistonda 2021 yil uchun uy xo‘jaliklari budjetini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalaridan foydalanilgan. Ekonometrik tahlillar ona tilini mukammal bilish boshqa tillarni o‘zlashtirish ehtimoli va umumiy ta’lim darajasining oshirishini ko‘rsatgan va bu ish haqining (2-tilni bilgani uchun) oshishiga olib keladi.
Shuningdek, o‘rta yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yoshlar orasida chet tillarini bilish ehtimolligi yuqori ekani aniqlangan. O‘zbekistonda har bir qo‘shimcha o‘qilgan ta’lim yili ish haqining 8,79 foizgacha o‘sishiga (dastlabki tadqiqotda Jizzax viloyatida 12,5 foizgacha) olib kelgan.