Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida “Ombudsman qutisi” o‘rnatiladi

O‘zbekiston 11:38 / 23.10.2024 740

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Prezidentga, Oliy Majlis palatalariga va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim etishi belgilanmoqda. Shuningdek, Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi joriy etilyapti.

Ombudsman va uning o‘rinbosari vakolatlari, daxlsizligining qo‘shimcha kafolatlari ham joriy etilib, ularga yuklatilgan vazifalarning muammosiz va samarali bajarilishi qonunda mustahkamlanmoqda. Qonunda saylanish kuni o‘ttiz yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Ombudsman lavozimiga saylanishi mumkinligini nazarda tutilyapti.

Bundan tashqari, qonunda jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi” tushunchasi kiritilib, unga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning murojaat qilishning huquqiy mexanizmi belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirib, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtiradi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: