Italiyaga demografiyani yaxshilash uchun “shok terapiyasi” kerak, dedi Italiya tug‘ilishga ko‘maklashish jamg‘armasi rahbari Jiji de Palo.
“Hozirgi hukumat progressga erishmoqda, lekin bu yetarli emas. Italiyaga shok terapiyasi — kompaniyalar, banklar, shaharlar va siyosiy muxolifatni birlashtiradigan tug‘ilish siyosati kerak”, — ta’kidladi u.
Jamg‘arma rahbarining aytishicha, italiyaliklar uchun bir bolani 18 yoshgacha boqish 178 ming yevroga tushadi, ammo ulg‘aygach, bu bolalar “boshqa mamlakatlarning yalpi ichki mahsulotini to‘ldirish uchun ko‘chib ketadi”.
De Palo Yevropada tug‘ilish darajasi bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Fransiyaga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. U yerda soliqlar farzandlar soniga qarab kamaytiriladi.
Italiyada 2024 yilning dastlabki yetti oyida tug‘ilish 4,6 ming nafarga yoki 2,1 foizga kamaydi, deyiladi Istat milliy statistika agentligi hisobotida. 2023 yilda 379 890 nafar italiyalik tug‘ilgan, bu 2008 yildagi natijadan uch baravar kam. 2008 yildagi inqirozdan keyin Italiyada yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni har yili kamayib bormoqda. Aholining keksayishi esa davlat budjetiga ortiqcha yuk bo‘lishi mumkin.
Tug‘ilishning o‘rtacha darajasi ham pasaymoqda: 1947 yilda italiyalik ayollar o‘rtacha ikkitadan farzand ko‘rgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,21 nafarga tushdi. Barqaror iqtisodiyotni ta’minlash uchun ushbu ko‘rsatkich 2,1 bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, chet elda istiqomat qiluvchi italiyalik oilalardagi tug‘ilishlar hisobga olinmasa, hozirgi koeffitsiyent yanada past — 1,14 ni tashkil etadi.
Istat tadqiqoti natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, ko‘plab italiyalik ayollar taxminan 30 yoshida birinchi farzandni dunyoga keltiradi, juftliklar barqaror ish va uy-joy topish bilan bog‘liq muammolar tufayli farzand ko‘rishni kechiktirmoqda.
Tug‘ilish darajasining pastligi muammosini hal qilishga e’tibor qaratish uchun juda kech, deb ta’kidladi Italiyaning qarish jarayonini o‘rganish agentligi rahbari Roberto Bernabey. Uning fikricha, bir ayolga ikki bola to‘g‘ri keladigan o‘rtacha ko‘rsatkichga qaytish uchun bir necha avlod kerak, “Italiya esa qarimoqda, 59 million aholining 1 millioni 90 yoshdan oshgan”.
“Hozir avvalgidan 20-30 yil ko‘proq sog‘lom hayot kechirish imkonimiz bor. Keling, bu yillardan yosh ishchi kuchi yetishmasligi tufayli yalpi ichki mahsulotdagi yo‘qotishlarni qoplash uchun foydalanaylik. 65 yoshdan oshgan odamlar tomonidan 100 ta startapni ishga tushirish uchun 100 million yevro ajrataylik. Hammasi oddiy, ertaga ertalabgacha natijalarni ko‘rasiz”, — deya ishonch bildirdi Bernabey.