O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning G‘azodagi agressiyasi eksklav iqtisodiyotini 79 yil orqaga itqitib tashladi. Bu haqda BMTning Rivojlanish dasturi hamda G‘arbiy Osiyo uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi tomonidan tayyorlangan «G‘azodagi urush: Falastin davlati uchun ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar kutilmalari» dokladida qayd etilgan.
«G‘azo 70 yil avvalgi rivojlanish darajasiga tushirib borildi», degan BMT Rivojlanish dasturining Falastin xalqiga yordam berish dasturi vakili o‘rinbosari Titoshe Noguchi Jyenevada o‘tkazilgan brifing chog‘ida.
Falastinning BMTdagi doimiy vakili sektor aholisi ommaviy qirilib ketish tahdidi ostida qolganini ma’lum qilgan. Qamal qilingan eksklavning shimolida 470 ming insonga ommaviy qirg‘in xavf solib turibdi.
Bu haqda Falastin davlatining BMTdagi doimiy vakili Riyoz Mansur BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Xavfsizlik kengashi raisi Filemon Yang hamda shu oydan boshlab Xavfsizlik kengashiga raislik qilayotgan Shveytsariyaga yo‘llagan xatida ma’lum qilgan.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroil armiyasi insonparvarlik yuklari ortilgan 250 mingdan ortiq yuk mashinalarining G‘azoga kirib kelishiga monelik qilgan.
G‘azo hukumati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Tel-Aviv ma’muriyati G‘azo sektorida, ayniqsa eksklavning shimolidagi Jabaliya tumanida istiqomat qilayotgan falastinliklarni ochlik bilan qiynashda davom etishmoqda.
«Oziq-ovqat mahsulotlari va yosh bolalar ozuqasi olib kirilishini taqiqlab Isroil tinch aholiga nisbatan ocharchilik tanazzulidan qurol sifatida foydalanmoqda. Bu ham insoniyatga qarshi jinoyatdir», — deyiladi xabarda.
G‘azo hukumati Isroil tomonidan so‘nggi chegara eshiklari 169 kunga yopib qo‘yilgani va Falastin eksklavining barcha qismlari qat’iy qamal ostida qolganiga e’tibor qaratgan.
Eksklav hukumati «G‘azo sektorida istiqomat qilayotgan 2,4 million falastinliklarga qarshi Isroil okkupatsion rejimining shafqatsiz jinoyatlariga jahon hamjamiyati va dunyo davlatlarining sukutini tushuna olmayotgani»ni ham ta’kidlab o‘tgan.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroilning G‘azoga bosqini qurbonlari soni 42 ming 718 nafarga yetgan. Yaradorlar soni esa 100 mingdan oshgan.
Livandagi vaziyat
Isroil harbiy havo kuchlarining Livan poytaxti Bayrut shahridagi Rafiq Haririy shifoxonasi yaqiniga bergan aviazarbasi qurbonlari soni 18 nafarga yetgan. Kamida 57 kishi yaralangani ma’lum qilinmoqda.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, poytaxt Bayrutning Jyenah tumanidagi Rafiq Haririy nomidagi davlat shifoxonasi yon-atrofiga tunda hujum uyushtirilgan.
18 kishi, jumladan bir yosh bola halok bo‘lgan. 57 kishi turli darajada yaralangan va ularning yetti nafari og‘ir ahvolda.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni Isroilga kelib qo‘ndi. Bu ushbu amerikalik diplomatning Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush boshlanganidan buyon mintaqaga 11-bor tashrif buyurishidir.
Amerika tomoni o‘tgan haftada HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilganidan keyin Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga harakat qilmoqda.
Aftidan, bu natijasi AQShning mintaqadagi siyosatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan prezidentlik saylovlari oldidan demokratlar ma’muriyatining mojaroni hal qilish jarayonida muvaffaqiyatga erishish uchun so‘nggi urinishi bo‘ladi.
Isroilning yo‘qotishlari
Livanning janubi Isroil uchun aslo yengilgina sayr qilinadigan hudud emasligi ma’lum bo‘lmoqda.
So‘nggi sutka ichida Isroilning kamida 25 nafar askari Livan janubidagi to‘qnashuvlarda yaralangan.
«Hizbulloh» bilan chegaraoldi janglarda “Adirim” artilleriya polkining 508-batalyoni askari 27 yoshli Saar Eliad Navarskiy halok bo‘lgan. Shu batalyonning yana uch nafar askari jiddiy yaralangan.
Bundan tashqari, Livan janubida «Hizbulloh» bilan to‘qnashuvlarda Isroil armiyasining zaxiradagi mayori, «Alon» brigadasi 9308-batalyoni qo‘mondoni o‘rinbosari Aviram Xarib o‘ldirilgan.
Isroilning G‘azo va Livandagi urushlarda halok bo‘lgan jangchilarining rasman e’lon qilishga ruxsat etilgan soni 752 nafarni tashkil etmoqda. 5043 kishi yaralangan.
The Jerusalem Post nashrining yozishicha, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 700 dan ortiq isroilliklar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.
Ommaviy axborot vositalari ta’kidiga ko‘ra, rasmiy tuzilmalar hanuzgacha bedarak yo‘qolganlarning oilalariga tayinli javob berishmagan va qidirilayotganlarning yagona ro‘yxati tuzilmagan.
Yaqinlarini topish uchun odamlar barcha usullardan, jumladan ijtimoiy tarmoq orqali qidiruvdan ham foydalanishmoqda.
BRICSʼning Rossiyadagi sammiti
Rossiyada BRICS sammiti boshlandi. Tatariston poytaxti Qozon shahrida tashkillashtirilgan sammitda 36 ta davlat va 6 ta xalqaro tashkilot delegatsiyalari ishtirok etmoqda.
Tadbirda, shuningdek, BRICS a’zosi bo‘lishga intilayotgan, lekin hali kirmagan Rossiyaga «do‘stona» davlatlar rahbarlari ham ishtirok etadi.
Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon jahon yetakchilarini Rossiyada eng yirik uchrashuvda to‘plagan Vladimir Putin G‘arbga o‘z mamlakati yakkalanishdan yiroq ekanini ko‘rsatmoqchi, deb hisoblamoqda ekspertlar.
Biroq guruh a’zolarining hammasi ham G‘arbga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshilik ko‘rsatishga rozi emas va ekspertlarning fikriga ko‘ra, ularni Putinning qo‘llab-quvvatlashidan ko‘ra ko‘proq Xitoy iqtisodiyotining kuchi jalb qiladi.
Rasmiy ravishda BRICS sammiti Qozonda kecha ochildi, biroq rasmiy tadbirlar bugun bo‘lib o‘tadi.
Vladimir Putin BRICS a’zolarining barcha yetakchilari bilan alohida uchrashuv o‘tkazish niyatida, shuningdek, uyushmaga hali a’zo bo‘lmaganlar bilan, xususan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham alohida uchrashmoqchi.
Bundan tashqari, Putinning Falastin, Serbiya, Laos, Mavritaniya, Boliviya prezidentlari, shuningdek, BMT Bosh kotibi va Viyetnam bosh vaziri bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Hozir 9 ta davlat BRICS a’zosi hisoblanadi. Dastlab, tashkilot Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika ishtirokida tuzilgan va shuning uchun bu davlatlarning bosh harflaridan iborat atamani olgan.
2024 yil 1 yanvarida yana to‘rtta davlat – Misr, Eron, BAA va Efiopiya tashkilotga qo‘shildi. Guruhga Saudiya Arabistoni ham taklif qilingan, biroq u hali rasman qo‘shilmagan.
Guruhga a’zo mamlakatlar yetakchilaridan faqatgina o‘z qarorgohida boshidan jarohat olgan Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva sammitda qatnashmayapti.
Ukrainadagi vaziyat
Ukraina aholisi shiddat bilan qisqarib borayotgani ma’lum bo‘ldi.
2022 yilning fevralida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin uyushtirganidan so‘ng mamlakat aholisi 10 million kishiga kamaygan, deb ma’lumot bergan BMT.
BMTning millatlar nufusi fondi — UNFPA vakili Florens Bauerning ma’lum qilishicha, garchi aholi soni aniq sanoqdan o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, Ukrainaning demografik yo‘qotishlari juda katta ekani ko‘rinib turibdi.
«Vaziyat inson kapitalining ulkan yo‘qotishlaridan dalolat berib turibdi. Ma’lumki, Ukrainani tiklash va kelajagini qurish uchun bu juda zarur», — degan Bauer.
Keng ko‘lamli urush boshlangunga qadar ham Ukraina tug‘ilish darajasining pastligi va migratsiya darajasi yuqori ekanligi bilan to‘qnash kelib turgan edi, urush bu muammolarni yanada chuqurlashtirdi.
Urush boshlanganidan buyon 6,7 million kishi mamlakatni qochqinlar sifatida tark etgan. Tug‘ilish darajasi esa bir ayolga bir bola darajasigacha tushgan. Bu esa Yevropadagi va dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri. Bundan tashqari, demografik vaziyatga urushning o‘n minglab qurbonlari ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Bauer xonim harbiy harakatlar qurbonlarini ham tilga olib o‘tgan. BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, rasman 2022 yilning fevralidan buyon tinch aholi vakillaridan 11 ming 973 kishi halok bo‘lgan.