Yoki NATO, yoki yadro quroli? Ekspertlar – Zelenskiyning g‘alaba rejasi haqida

Jahon 15:31 / 22.10.2024 14177

AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainani NATOga taklif qilishga tayyor, lekin Germaniya bu borada shoshilmayapti. Zelenskiyning “G‘alaba rejasi” ham keng muhokamalar markazida. “Geosiyosat”da siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Jahongir Akramov urushdagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Jahongir Akramov qayd etganidek, Volodimir Zelenskiyning g‘alaba rejasi 5 ta ochiq va 3 ta maxfiy bandlardan iborat. Ulardan eng asosiysi – Ukrainaning NATOga kirishini tezlashtiruvchi rejani ishlab chiqish. Keyingi ochiq bandlar Ukrainaning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mamlakatning yadroviy qurollarni joriy etish bo‘yicha 1991 yilgi salohiyatini tiklash, iqtisodiy tiklanish strategiyani ishlab chiqish, NATO mudofaasini kuchaytirish va unda Ukrainani harbiy tayyorgarlikka ega forpost mamlakat sifatida ko‘rsatish.

Tahlilchining fikricha, g‘alaba rejasining maxfiy qismida Ukraina o‘z hududiga NATO qurolli kuchlarini joylashtirishni, 1994 yildagi Budapesht memorandumini qaytadan tiklashni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimovning qayd etishicha, Ukrainaning g‘alaba rejasi amalga oshmasligini barcha davlatlar sezib turibdi. Faqatgina Rossiyani to‘liq g‘olib sifatida tan olmay, ruslar bosib olgan yerlarni o‘zlarida qoldirib, sekin-asta davlatni holdan toydirish maqsad qilingan. Chunki sovet ittifoqi bilan ham shunday holat yuz bergan. Maxfiy rejada ham Ukraina tezroq NATOga kirishni xohlashiga urg‘u beruvchi reja mavjud.

“Ammo NATOga kirishning o‘z shartlari mavjud. Eng avvalo, NATOning barcha a’zolari yangi a’zoni qabul qilishga rozi bo‘lishi kerak. Agar birorta a’zo bunga rozi bo‘lmasa, qolganlar undan nega noroziligini so‘ray olmaydi. Qolaversa, NATO urushda ishtirok etayotgan yoki urush maydoniga aylangan davlatni a’zolikka qabul qilmaydi. Shu kabi sabablar ham Ukraina g‘alaba rejasining real yoki real emasligini ko‘rsatib beradi”, deydi u.

AQSh Ukrainaning NATOga qo‘shilishiga e’tiroz bildirmasligi aytilmoqda. Ammo alyansning eng asosiy davlatlaridan bo‘lmish Germaniya nega qarshilik qilmoqda?

Jahongir Akramovning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada Ikkinchi jahon urushidan keyin urushga qarshi avlod shakllanib ulgurgan. “Ular urushdan cho‘chib turishadi. Shuningdek, Rossiyaning roziligisiz Yevropa bunday qarorni birdan chiqara olmaydi degan qarashlar ham yo‘q emas. AQSh ham Ukrainaning NATOga a’zoligini diplomatik yo‘lni qo‘llash uchungina tan oldi. Ammo Amerika bu borada Germaniya qarshi bo‘lishini ham bilar edi va Amerika buni bilib turib, rozilik bildirdi. Ya’ni baribir Germaniya qarshilik ko‘rsatadi va Ukraina a’zolikka kiritilmaydi, deya roziligini bildirmoqda”, deydi u.

Rabbimovning qayd etishicha, Fransiya va Germaniyadagi qator siyosiy tahlilchilar urushda Ukraina g‘alaba qozonsa, Amerika Yevropa geosiyosatida yana yuz yil qolishini, aks holda Germaniya va Fransiya Yevropada lider davlatlarga aylanishini ta’kidlamoqda. Ayrim ekspertlar Ukrainadagi urushning asosiy obekti sifatida Germaniya masalasini ko‘rsatib, Ukrainaning NATOga qo‘shilishidan Ukraina manfaatdor emasligini aytadi.

“Sababi Germaniya Ukrainadagi urushdan keyin YaIM hajmi bo‘yicha dunyo reytingida 4-o‘rindan 7-o‘ringa tushib ketdi. Bunda Rossiyaning arzon energetika mahsulotlaridan foydalana olmayotgani ham muhim o‘ringa ega”, – deydi Kamoliddin Rabbimov.

Suhbat davomida tahlilchilar Shimoliy Koreyaning Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimoli va Kursk fronti haqida ham so‘z yuritishdi. Ko‘rsatuvni to‘liq shaklda video orqali tomosha qiling.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: