Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda, shu sababli ko‘chmas mulk sotib olishda ehtiyot bo‘lish lozim. Bu haqda shahar hokimligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, shahar hokimligi bilan kelishilmagan, ayniqsa yo‘l bo‘ylab qurilgan noqonuniy inshootlar nafaqat shahar infratuzilmasi, balki aholining kundalik hayoti uchun ham jiddiy muammolar tug‘dirmoqda. Avtomobil to‘xtash joylari va kirish yo‘llarining yo‘qligi haydovchilar va piyodalarga noqulayliklar yaratmoqda. Bundan tashqari, bunday qurilmalar, irrigatsiya tizimiga zarar yetkazib, suv chiqarish kanallarini to‘sib qo‘yadi va bahor mavsumida hududlarni suv bosish xavfini oshiradi. Shuningdek, bolalar aravalari va imkoniyati cheklangan shaxslarning harakatlanishini qiyinlashtiradi. Shu bilan birga, shaharning me’moriy ko‘rinishini buzadi, yashil hududlarga kirish yo‘lini to‘sadi.
Xabarga ko‘ra, ayni damda tegishli tahlillar olib borilib, ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Toshkent shahri hokimligi maishiy va tijorat binolari, turar-joy imoratlari uchun mavjud hujjatlarni shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini qayta tekshirishni, ko‘chmas mulk sotib olishda ehtiyot bo‘lib, yuridik xizmatlardan maslahat olishni tavsiya qildi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent shahri kadastr xizmatlari tomonidan berilgan hujjatlarsiz boshqa hech qanday hujjat turlari qonuniy kuchga ega emas.