Toshkentdagi mehmonxonada uch kishi zaharlanishdan halok bo‘ldi

Jamiyat 17:16 / 22.10.2024 35567

Ularning ikki nafari rossiyalik va bir nafari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Rossiyaliklardan biri “Lenta” nashrining jurnalisti Inessa Papernaya ekani aytilmoqda.

Toshkentdagi mehmonxonada uch kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 2024 yil 20 oktabr kuni Mirobod tumanida joylashgan mehmonxonada Rossiya fuqarolari 45 yoshli Maksim Radchenko va 47 yoshli Inessa Papernaya vafot etgan.

Bundan tashqari, ushbu mehmonxonaning boshqa xonasidan joni uzilgan O‘zbekiston fuqarosi 48 yoshli X.U.ning jasadi topilgan.

Dastlabki sud tibbiy tashxisiga ko‘ra, marhumlarning o‘limi noma’lum etiologiyali zaharlanishdan kelib chiqqan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov xarakatlari olib borilmokda.

Ma’lumot uchun, Inessa Papernaya Rossiyaning “Lenta” nashri jurnalisti hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 20 oktyabr kuni unga pochta jo‘natmasi kelgan. Mehmonxona xodimlari ayol yotgan xonaga qo‘ng‘iroq qilishganda hech kim javob bermagan. Shundan so‘ng xodimlar xonaga kirishgan va u yerda Inessa va Maksimning jonsiz tanasiga duch kelishgan.

Ko‘proq yangiliklar: