22 oktyabr kuni Qozon shahrida Rossiya raisligida BRICS sammiti boshlanadi. Unda Braziliya prezidentidan tashqari guruhga kirgan deyarli barcha davlat rahbarlari qatnashadi. Tadbirda, shuningdek, BRICS a’zosi bo‘lishga intilayotgan, lekin hali kirmagan Rossiyaga «do‘stona» davlatlar rahbarlari ham ishtirok etadi. Meduza sammit ishtirokchilari, maqsadi va rejalari haqida bayon qildi.
Qozondagi sammit 2022 yil fevralida Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Rossiyada dunyo yetakchilarining eng yirik uchrashuvi bo‘ladi, deb yozdi CNN. G‘arb matbuoti Vladimir Putin BRICS tashkilotiga yangi a’zolarni jalb qilishga intilayotgani va shu tariqa Qo‘shma Shtatlar bilan uning ittifoqchilariga o‘z mamlakati hamon yakkalanib qolishdan yiroq ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Biroq, guruh a’zolarining hammasi ham G‘arbga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshilik ko‘rsatishga rozi emas va ekspertlarning fikriga ko‘ra, ularni Putinning qo‘llab-quvvatlashidan ko‘ra ko‘proq Xitoy iqtisodiyotining kuchi jalb qiladi.
Rasmiy ravishda BRICS sammiti Qozonda 22 oktyabrda ochildi, biroq rasmiy tadbirlar faqat ertasi kuni boshlanadi. Vladimir Putin BRICS a’zolarining barcha yetakchilari bilan alohida uchrashuv o‘tkazish niyatida, shuningdek, uyushmaga hali a’zo bo‘lmaganlar bilan, xususan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham alohida uchrashmoqchi. Bundan tashqari, Putinning Falastin, Serbiya, Laos, Mavritaniya, Boliviya prezidentlari, shuningdek, BMT Bosh kotibi va Viyetnam bosh vaziri bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Hozir 9 ta davlat BRICS a’zosi hisoblanadi. Dastlab, tashkilot Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika ishtirokida tuzilgan (va shuning uchun bu davlatlarning bosh harflaridan iborat atamani olgan). 2024 yil 1 yanvarida yana to‘rtta davlat – Misr, Eron, BAA va Efiopiya tashkilotga qo‘shildi. Guruhga Saudiya Arabistoni ham taklif qilingan, biroq u hali rasman qo‘shilmagan (garchi Kreml veb-saytida u «a’zo» sifatida taqdim etilgan bo‘lsa ham).
Rossiya bu yil tashkilotga raislik qilmoqda. Vladimir Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov so‘zlariga ko‘ra, Qozondagi sammitda davlatlardan 36 ta va xalqaro tashkilotlardan 6 ta delegatsiya ishtirok etadi. Guruhga a’zo mamlakatlar yetakchilaridan faqatgina o‘z qarorgohida boshidan jarohat olgan Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva sammitda qatnashmaydi.
The Economist nashrining yozishicha, Putin uchun ushbu sammitning asosiy vazifalaridan biri - «jahon moliyasidagi AQSh hukmronligiga zarba berish» va «Rossiya va uning do‘stlarini sanksiyalardan himoya qilish» uchun mo‘ljallangan BRICS Bridge deb nomlangan yangi global moliyaviy va to‘lov tizimini qurish.
Nashrning qayd etishicha, ushbu tizim mamlakatlarga o‘z markaziy banki tomonidan boshqariladigan raqamli platformalar yordamida transchegaraviy hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beradi. Rossiya uni bir yil ichida qurishni rejalashtirmoqda.
Biroq, BRICS a’zolarining hammasi ham dollarga qaramlikni kamaytirish va dollar tizimidan chiqish uchun Rossiya kabi rag‘batlarga ega emas, deb ta’kidlaydi Bloomberg. Masalan, Hindiston Xitoy yuanini muqobil zaxira valuta sifatida ilgari surish urinishlarini rad etdi. Reuters xabariga ko‘ra, G7 mamlakatlari tomonidan narx chegarasi joriy qilinganidan keyin Rossiya neftining asosiy xaridorlari bo‘lmish Xitoy va Hindiston o‘rtasida murakkab munosabatlar mavjud. Arab davlatlari va Eron o‘rtasida yangi tizim bo‘yicha ham kelishmovchiliklar mavjud.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, BRICS doirasidagi hamkorlik «hech kimga yoki hech narsaga qarshi emas - na dollarga, na boshqa valutalarga». «Uning asosiy maqsadi — ushbu formatda ishtirok etayotgan mamlakatlar manfaatlarini ta’minlash», dedi Peskov.
Tashkilotni yanada kengaytirish masalasi ham munozarali, deb yozdi Bloomberg. Bir qancha davlatlar, jumladan Malayziya, Venesuela, Tailand, Ozarboyjon, Belarus va boshqa o‘nlab davlatlar guruhga qo‘shilish istagini bildirgan. Sentyabr oyida Turkiya ham rasmiy ariza topshirdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya Yevropa Ittifoqiga bo‘lgan uzoq muddatli yo‘lida oldinga siljish yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘lgan. Biroq, Hindiston hali ham yangi a’zolarni qabul qilishga qarshi va ovoz berish huquqisiz «hamkor davlatlar» toifasini joriy etishni qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki BRICS Xitoy va Rossiya hukmronlik qiladigan antiamerika tashkilotiga aylanishini istamaydi. Bu pozitsiyani Braziliya va Janubiy Afrika ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Janubiy Afrika rasmiylari, shuningdek, Nigeriya yoki Marokashni ittifoqqa taklif qilish orqali o‘z mamlakati ta’sirini susaytirishga urinishlarga qarshilik ko‘rsatishini aytmoqda.
The New York Times gazetasi yozganidek, Rossiya shunga qaramay, «G‘arb ta’siri ostida bo‘lmagan dunyo tartibini shakllantiradigan» koalitsiya qurish uchun tashkilotga yangi ishtirokchilarni jalb qilishga umid bog‘lamoqda. Berlindagi Karnegi Yevroosiyo markazi direktori Aleksandr Gabuyev so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush Putin uchun eski dunyo tartibini yo‘q qilishning «nayzasi» bo‘ldi va BRICS yangi tartibni barpo etishda eng kuchli tuzilma rolini o‘ynaydi.
Biroq, The Washington Post ta’kidlaganidek, barcha ishtirokchilar G‘arbga so‘zsiz qarshilik ko‘rsatishga tayyor emas. Masalan, BAA, deb yozdi Bloomberg, BRICS tashkilotiga a’zolikni global janubning G‘arbga qarshiligi belgisi sifatida ko‘rsatishga urinishlarni butunlay rad etadi - arab mamlakati AQSh bilan juda yaxshi munosabatlarga ega.
The Washington Post nashrining ekspertlar orasida o‘tkazgan so‘roviga ko‘ra, BRICS boshqa davlatlarni Xitoyning qudratli iqtisodiyoti va G‘arb bilan munosabatlardagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli jalb qilmoqda, Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlash yoki uning G‘arbga qarshi ritorikasi tufayli emas.
Shunga qaramay, Putin, bir qancha nashrlar ta’kidlaganidek, BRICS sammitini o‘tkazish orqali Rossiya hali ham yakkalanib qolishdan yiroq ekanini ko‘rsatmoqchi. Bundan tashqari, CNN yozganidek, Putin va Si Jinping aynan G‘arb o‘zining sanksiyalari va ittifoqlari bilan yakkalanib qolmoqda, «global ko‘pchilik» esa Rossiya va Xitoyning AQSh rahbariyatiga qarshi chiqish istagini qo‘llab-quvvatlamoqda, degan fikrni bildirmoqchi.