Olimlar OIV bilan kasallangan odamlar o‘rtasida buyrak ko‘chirib o‘tkazish xavfsizligini isbotladi

Jahon 13:51 / 22.10.2024 1381

AQShning Jonc Hopkins universiteti olimlari boshqa ilmiy muassasalardagi hamkasblari bilan hamkorlikda OIV infeksiyasiga chalingan donordan boshqa OIV bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazish xavfsiz ekanini aniqladi. Bu jarayon bemor salomatligiga qo‘shimcha xatar tug‘dirmasligi ma’lum bo‘ldi. Tadqiqot New England Journal of Medicine (NeJM) ilmiy nashrida chop etilgan.

Mutaxassislarning xulosasi buyrak ko‘chirib o‘tkazish jarrohligini o‘tkazgan 198 nafar katta yoshli OIV bemorlar ma’lumotlariga asoslanadi. Ularning yarmi a’zolarni OIV bilan kasallangan donorlardan olgan bo‘lsa, qolgan yarmi sog‘lom odamlardan qabul qilgan.

Umumiy yashash davomiyligi, organizmning ko‘chirilgan buyrakni qabul qilish va rad etishi holatlari bo‘yicha natijalar ikki guruhda ham deyarli bir xil bo‘ldi.

Transplantatsiyadan bir yil o‘tgach, birinchi guruhda bemorlarning yashab qolish darajasi 94 foizni, ikkinchi guruhda esa 95 foizni tashkil etdi. Uch yildan so‘ng bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 85 va 87 foizga teng bo‘ldi.

Olimlarning ta’kidlashicha, faqat bitta holatda donordan bemorga OIVning genetik jihatdan farqlanuvchi ikkinchi shtammi yuqqan, biroq bu muayyan klinik oqibatlarga olib kelmagan.

Shu tariqa, tadqiqotchilar OIV donorlardan OIV bemorlarga buyrak ko‘chirib o‘tkazish sog‘lom insonlardan organ olish kabi xavfsiz, degan xulosaga keldi.

Ko‘proq yangiliklar: