Financial Times’ning vaziyatdan xabardor manbasiga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgan xodimlar uzoq vaqt davomida bepul ovqatlanish tizimini suiiste’mol qilgani aniqlandi. Ishdan bo‘shatishlar kompaniya rahbari Mark Tsukerbergning ish o‘rinlarini keng ko‘lamli qisqartirish choralarining bir qismi bo‘ldi.
Ishdan bo‘shatilganlar orasida yiliga 400 ming dollar maosh oladigan xodim ham bor. U o‘zining oziq-ovqat talonlarini maishiy buyumlar, tish pastasi hamda choy kabi mahsulotlarni xarid qilish uchun ishlatganini aytdi.
Ba’zi hollarda xodimlar bu imtiyozdan noto‘g‘ri foydalanib, ovqatni ofisga emas, uyga buyurtirgan. Hisobotda aytilishicha, ayrim vaqtlarda qoidani buzgan xodimlar hayfsan oldi va o‘z ish joylarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu bilan birga, Meta’ning boshqa bir xodimi OAV bilan suhbatda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga “avval ogohlantirish berilgani, ularning ko‘pchiligi kuponlardan noto‘g‘ri foydalanishni to‘xtatgani, lekin baribir 3 oy o‘tib ishdan bo‘shatilgani” haqida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda bepul ovqatlanish yirik texnologiya kompaniyalarida ishlashning afzalliklaridan biriga aylangan. Meta odatda o‘zining katta ofislaridagi oshxonalarda xodimlarni bepul ovqat bilan ta’minlaydi. Kichik ofislardagi xodimlarga esa yetkazib berish xizmatlari orqali ovqat buyurtma qilish uchun kunlik talonlar beriladi.
Meta ishdan bo‘shatishlar haqidagi vaziyatga aniq izoh bermadi.
“Bugungi kunda Meta’dagi bir nechta jamoalar resurslarni o‘zlarining uzoq muddatli strategik maqsadlariga muvofiqlashtirish uchun o‘zgartirishlar kiritmoqda. Bu ayrim jamoalarni boshqa joylarga ko‘chirish va ayrim xodimlarni boshqa lavozimlarga o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Lavozim tugatilgan holatlarda, xodimlar uchun boshqa imkoniyatlarni izlash ustida astoydil mehnat qilyapmiz”, — deyiladi bayonotda.
Meta 2022-2023 yillarda 21 ming kishini ishdan bo‘shatgan. Hozirda kompaniyada 70,7 mingga yaqin ishchi faoliyat yuritadi.