Kolumbiyada Italiya mafiyasi yetakchisi qo‘lga olindi

Jahon 19:03 / 22.10.2024 3739

Italiyalik Gustavo Nochella (Germes) Kolumbiya shimoli-g‘arbidagi Medelyin shahrida qo‘lga olindi. Politsiya uni Italiya mafiyasi yetakchilaridan biri va eng ko‘p qidirilayotgan narkobaron deb hisoblaydi.

58 yoshli Germes bilyardga bo‘lgan «muhabbati» tufayli qo‘lga olindi, deb yozdi «Kommersant».

Kolumbiya politsiyasi italiyalik hamkasblari, Europol va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda narkobaronni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi.

Politsiya rahbari Uilyam Rene Salamanka so‘zlariga ko‘ra, narkobaronni qo‘lga olishda bilyard stoli «yordam bergan».

Gap shundaki, Germes har uch oyda kvartirani almashtirgan, biroq ularning har biri uchun bilyard stoliga buyurtma bergan. Politsiya buyurtmalarni kuzatish orqali uning iziga tushgan.

Kolumbiya politsiyasi ta’kidlaganidek, Germes «Rinaldi-Formikola, Amato-Pagano va De Mikko klanlari va Janubiy Amerika mafiyasi o‘rtasida bog‘lovchi vazifasini bajargan».

Ta’kidlanishicha, u katta miqdordagi giyohvand moddalarni sotish bilan shug‘ullangan. Operatsiyaga tayyorgarlik olti oy davom etgan.

Ko‘proq yangiliklar: