KXDR yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon Janubiy Koreya va Ukraina «ikki tomchi suvdek» bir-biriga o‘xshashi va ular «AQSh tomonidan o‘stirilgan tarbiyasiz itlar»ni yodga solayotganini ma’lum qildi. Uning nutqi Koreya Markaziy telegraf agentligi tomonidan e’lon qilindi.
«Seul va Kiyevning shoshqaloq harakatlari, tilanchilik qilishlari va yadroviy qurolga ega davlatlar haqida qaytarib bo‘lmaydigan bema’ni gaplarni aytishga jur’at etish borasidagi xatti-harakatlari ularning ikki tomchi suvdek o‘xshash ekanini ko‘rsatmoqda. Buni AQSh tomonidan o‘stirilgan tarbiyasiz itlarga xos bo‘lgan umumiy xususiyatlar deb atash mumkin», — deydi Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim mudiri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Kim Yo Chjon.
Kim Chen Inning singlisi aytishicha, mamlakat hukumati Janubiy Koreya tomonidan tashviqot varaqalarini tarqatish uchun KXDRga uchirilgan dronlarga bog‘liq holat bo‘yicha tergovni davom ettirmoqda (o‘z navbatida, KXDR Janubiy Koreyaga chiqindilar solingan havo sharlarini uchirishni davom etmoqda). KXDR hukumati 19 oktyabr kuni Pxenyan yaqinida ushbu dron qoldiqlariga duch kelgan.
Shuningdek, Kim Yo Chjonning so‘zlariga ko‘ra, 21 oktyabr kuni Shimoliy Koreyaning qator hududlarida Janubiy Koreya tomonidan tarqatilgan «katta miqdordagi» tashviqot varaqalari topilgan va ular yoqib yuborilgan.
Koreya Markaziy telegraf agentligi saytida e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, Kim Yo Chjon o‘z bayonotida Janubiy Koreyani muntazam itlarga qiyoslab keladi.
Janubiy Koreya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining birinchi kunidanoq Kiyevni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, Janubiy Koreya hukumati RFga qarshi sanksiyalarga qo‘shilgan. O‘z navbatida KXDR Rossiya tomonida, jumladan, unga qurol yetkazib bermoqda.
Oxirgi kunlarda KXDR o‘z harbiylarini Ukraina frontiga Rossiya tomonida jang qilish uchun yuborayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Yonhap agentligiga ko‘ra, KXDRning bu kabi harakatiga javoban Janubiy Koreya Ukrainaga o‘zining harbiy va razvedka xizmatchilarini yuborish, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.