Janubiy Koreya KXDR askarlarini Rossiyadan olib chiqib ketishni talab qildi

Jahon 11:32 / 22.10.2024 6511

Shimoliy Koreya askarlarining Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi 21 oktyabr, dushanba kuni Rossiya elchisini chaqirtirdi. Seul Pxenyanning Ukrainaga qarshi urushda Rossiya armiyasiga yordam berish uchun Rossiyaga minglab askarlarini yuborish qarorini tanqid qildi, deb xabar berdi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi 21 oktyabr, dushanba kuni e’lon qilgan bayonotda.

Hujjatda qayd etilishicha, Janubiy Koreya diplomatik idorasi rahbari o‘rinbosari Kim Xon Kyun Rossiyaning Seuldagi elchisi Georgiy Zinovevga "yaqinda Shimoliy Koreya askarlarining Rossiyaga jo‘natilganidan chuqur xavotirda ekanligini bildirgan va Rossiya Federatsiyasidan Shimoliy Koreya harbiylarini zudlik bilan olib chiqib ketilishi va bunday hamkorlikni to‘xtatishni talab qilgan".

Kim shuningdek, Shimoliy Koreyaning Ukrainadagi urush uchun qurol va askar yetkazib berishi nafaqat Janubiy Koreya, balki jahon hamjamiyatiga jiddiy tahdid ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bunday harakatlar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari va jahon tashkiloti nizomiga ziddir. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga tayyorgarlikdan o‘tish uchun 1500 ga yaqin askarini yuborgan va bu askarlar Ukrainaga qarshi urushda qatnashishi mumkin.

Seul Ukrainaga razvedka xodimlarini yuborishi mumkin

Janubiy Koreya hukumati va harbiylari Ukrainaga shaxsiy tarkibni, jumladan razvedka xodimlari va Shimoliy Koreya taktikasi bo‘yicha mutaxassislarni «jo‘natish rejasini ko‘rib chiqmoqda». Bu haqda Newsweek jurnali 21 oktyabr kuni Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib xabar berdi. Janubiy Koreyaning NewsPim media kompaniyasi ham ehtimoliy rejalar haqida xabar berdi.

Newsweek nashrining aniqlik kiritishicha, agar Shimoliy Koreya askarlari Ukraina qo‘shinlari tomonidan asirga olinsa, Ukrainadagi Janubiy Koreya xodimlari so‘roq o‘tkazadi yoki tarjima qiladi. Shuningdek, xodimlar Kiyevga Shimoliy Koreyaning harbiy taktikasi, doktrinasi va operatsiyalari haqida ma’lumot beradi, deya qo‘shimcha qildi nashr.

Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi ham 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish choralarini ko‘rib chiqishi va bu borada «ochiq pozitsiya» saqlab turishini ma’lum qildi. Shu paytgacha Seul Kiyevga Rossiya Federatsiyasi bilan urushda faqat gumanitar yordam ko‘rsatgan.

Ko‘proq yangiliklar: