Germaniyaning Dyusseldorf shahrida pitssa yetkazib beruvchilar niqobi ostida faoliyat yuritib kelgan narkoguruh qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bild.
Qayd etilishicha, giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchi guruh soxta «pitssaxona» tashkil etgan va menyuda 40 raqami ostidagi tovar eng ko‘p buyurtma qilingan, bu — kokainli pitssa. Buyurtmachilar shu orqali giyohvand modda yetkazib berilishini yaxshi bilgan.
«Bu eng talabgir pitssalardan biri edi», — deydi politsiya boshlig‘i Mixael Graf fon Moltke. Shuningdek, sotuvda marixuanali «pitssa» ham bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari «pitssaxonaning» 36 yoshli egasining uyiga bostirib kirgan vaqtida u ichida 1,6 kilogramm kokain, 400 gramm marixuana va 268 ming yevro bo‘lgan sumkani derazadan uloqtirib yuborgan.
Tergov davomida giyohvand moddalarni yetkazib berish bilan shug‘ullangan uch kishi va 12 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Operatsiyaga Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerlarining 150 nafar politsiyachisi jalb etilgan. Shuningdek, ikkita kannabis plantatsiyasi ham topilgan, gumonlanuvchilardan qurollar, pul va qimmatbaho soatlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Avvalroq Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerida – Myonxengladbax, Duysburg va Krefeld shaharlarida, shuningdek, Firzen, Xaynsberg va Noys okruglarida joylashgan oziq-ovqat diskaunterining o‘n bir shoxobchasida banan qutilaridan paketlarda jami 95 kilogramm kokain topilgan edi.