AQSh Ukrainaga yana 400 million dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etadi. Bu haqda 21 oktyabr, dushanba kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida Ostin ushbu paketga, xususan, qo‘shimcha o‘q-dorilar, zirhli texnika va boshqa qurollar kiritilishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar ikki tomonlama xavfsizlik bo‘yicha kelishuvga muvofiq Ukrainaga yordam ko‘rsatishda davom etadi.
Zelenskiy Ostinga harbiy yordam paketi va Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshlanganidan beri AQShning umumiy ko‘magi uchun minnatdorchilik bildirdi, deb xabar qildi Ukraina prezidenti devonxonasi.
Bayden Kiyevga 425 mln dollarlik yordam paketi haqida ma’lum qildi
AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina uchun 425 million dollarlik (391 million yevro) xavfsizlik yordami paketini e’lon qildi. U, jumladan, qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa (HHM) vositalari, «havo-yer» sinfidagi o‘q-dorilar, zirhli texnika va «tezkor ehtiyojlarni qondirish» uchun boshqa qurollarni o‘z ichiga olgan. Bu haqda 16 oktyabr kuni Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Amerika davlati rahbari Ukraina rahbariga vakolat muddati tugagunga qadar Kiyevga yordamni oshirish borasidagi sa’y-harakatlari haqida ma’lum qildi.
Kelgusi oylarda Vashington Kiyevga bir qator qo‘shimcha jihozlar yetkazib beradi, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlariga yuzlab tutib olish qurilmalari, o‘nlab taktik havo hujumidan mudofaa tizimlari, qo‘shimcha artilleriya tizimlari, katta miqdordagi o‘q-dorilar, yuzlab zirhli transport vositalari va piyoda jangovar mashinalar, minglab qo‘shimcha zirhli mashinalar.