Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Pensilvaniya shtatidagi McDonald’s fast fud restoranlari tarmog‘ida oddiy xodim sifatida ishladi. Sobiq prezident yarim soatlik smena davomida bir nechta porsiya kartoshka fri tayyorladi va ayrim mijozlarga o‘z hisobidan buyurtmalar berdi.
Ishni tugatgach, Tramp jurnalistlar bilan suhbatlashdi. U restoranda ishlash yoqqanini va kelgusida yana shu sohada o‘zini sinab ko‘rishi mumkinligini aytdi. Shu bilan birga, Tramp “ishni to‘g‘ri va tez bajarish uchun katta tajriba zarur”ligini ta’kidladi.
U, shuningdek, demokratlardan nomzod Kamala Harrisning talabalik paytida McDonald’s’da ishlagani haqidagi bayonotga munosabat bildirdi. Sobiq prezidentning fikricha, raqibi yolg‘on gapirmoqda, chunki uning fast fud restoranida ishlagani haqida hech qanday dalil saqlanib qolmagan.
AQShda prezidentlik saylovi 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Sentyabr oyida Donald Tramp va Kamala Harris o‘rtasidagi dastlabki bahslardan so‘ng o‘tkazilgan so‘rovlar saylovchilarning aksariyati demokratik partiyadan nomzodga ovoz berishga tayyorligini ko‘rsatgandi. Biroq o‘tgan haftadagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp oldinga siljiy boshlagan.