So‘nggi to‘rt yil ichida Yaqin Sharqda vaziyat keskin o‘zgardi. Eronning «Qarshilik o‘qi» zaiflashdi; Bashar Asad endi Suriya yetakchisi emas; Saudiya Arabistoni Eron bilan avvalgidek keskin qarama-qarshilikda emas; Isroil Eronning yadroviy obektlariga zarba berish bilan tahdid qilmoqda. Shu bilan birga, arab-isroil mojarosi yana kuchaydi, falastinliklar masalasi esa hali ham hal etilmagan.
Tramp o‘zini tinchlik uchun Nobel mukofotiga munosib, deb hisoblaydi. U Bayden muvaffaq bo‘lmagan ish — Yaqin Sharq va Yevropadagi urushlarni tugatishni istaydi. Yevropa haqida gapirar ekan, u Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga ham e’tibor qaratgan.
«Buni tugataylik, tinchlikka qaytaylik va odamlarni o‘ldirishni to‘xtataylik», — degandi Tramp o‘tgan yil bahorida G‘azo mojarosi borasida intervyu berganida. Biroq, bunday maqsadga qanday yetishmoqchi ekani haqida aniq ma’lumot bermagan.
Ekspertlar Trampning yondashuvini taxmin qilib bo‘lmaydigan, betartib va shaxsiy manfaatlarga asoslangan, deb baholashadi. Uning uslubi va munosabati o‘zgarishi mumkin, biroq Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatining umumiy yo‘nalishi asosan avvalgidek qoladi. Bayden Trampning siyosatiga keskin qarshi chiqmagani kabi, Tramp ham Baydenning ba’zi tashabbuslarini davom ettirishi ehtimoldan xoli emas.
Biroq, bu yo‘lda jiddiy burilish nuqtalari bor. Ana shu asosiy muammolarga Tramp qanday munosabatda bo‘lishi uning ikkinchi prezidentlik muddati oxirida Yaqin Sharq qanday bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi, deb yozadi BBC.
Donald Tramp ilk prezidentlik muddatida qator arab davlatlarini Isroilni tan olishga ishontirishga va Saudiya Arabistonini Isroil bilan muzokaralar o‘tkazishga chaqirishga muvaffaq bo‘lgan edi. U ikkinchi muddatda ham shu yo‘lni davom ettirib, Avraam kelishuvlarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatining boshqa ikki asosiy tamoyili – Isroilni to‘liq qo‘llab-quvvatlash hamda Eronning yadroviy dasturiga keskin qarshi turish.
Biroq, ushbu maqsadlarni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Chunki Yaqin Sharqda Trampning birinchi muddati davridan beri vaziyat jiddiy o‘zgargan. Eronning mintaqaviy ta’siri zaiflashgan bo‘lsa-da, arab-isroil mojarosi yana kuchaydi va Falastin masalasi to‘liq hal etilmaganicha qolmoqda.
Saudiya marvaridi
Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatdagi eng muhim yutuqlaridan biri sifatida Avraam kelishuvlarini ko‘rsatgandi. Bu kelishuvlar Isroilning Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Marokash va Sudan bilan diplomatik aloqalarni normallashtirishini ta’minladi.
Avraam kelishuvlari 2.0 uchun markaziy vazifa Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘lishi mumkin. Tramp ushbu maqsadni o‘zining yangi muddatdagi eng ustuvor vazifasi deb atadi. Hamas va Isroil o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi e’lon qilinganidan keyin, u shunday dedi: «Biz kelishuvlarni rivojlantiramiz va kengaytirishga kirishamiz».
Bu orzuni amalga oshirishga Jo Bayden ham intilib kelgan edi. Hamasning Isroilga hujumigacha Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish masalasi faol muhokama qilingandi.
Ammo bu jarayonga Isroil va Hamas o‘rtasidagi urush va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Falastin davlatchiligi bo‘yicha murosasiz pozitsiyasi to‘sqinlik qildi.
Netanyahu o‘z fikrini hozirgacha o‘zgartirmagan. Uning hukumatidagi ayrim o‘ta o‘ng qarashdagi millatchi siyosatchilar esa «ikki xalq uchun ikki davlat» formulasi haqida eshitishni ham istamaydi.
Tramp Isroil bosh vazirini fikrini o‘zgartirishga ko‘ndirishni xohlaydimi va buni amalga oshira oladimi — hozircha ochiq savol bo‘lib qolmoqda. Saudiya bilan Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish esa Yaqin Sharqdagi vaziyatni jiddiy o‘zgartirishi mumkin.
2020 yilda imzolangan ilk Avraam kelishuvlari Falastin muammosini ancha chetlab o‘tgan edi. Ammo bugun Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarda falastinliklarning kelajagi masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Saudiyaning de-fakto hukmdori shahzoda Muhammad ibn Salmon bu masalada qat’iy va Falastin muammosini hal qilmasdan turib normallashuv mumkin emasligini ta’kidlamoqda.
Shahzodaning yaqinda bergan bayonotlari ushbu masala bo‘yicha kelishuv hozircha amalga oshishdan yiroq ekanini ko‘rsatadi. U G‘azoda yuz berayotgan voqealarni genotsid deb atagan va Falastin davlati barpo etilmasdan turib Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilmasligini yana bir bor aniq aytgan.
«Qirollik Falastinning Sharqiy Quddus poytaxti bo‘lgan mustaqil davlatini yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarini davom ettiradi. Qirollik bu sharoitlarsiz Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmaydi», — deya ta’kidlagan shahzoda sentabr oyida.
Trampning 1.0 versiyasi Isroilning Sharqiy Quddus va Jo‘lan tepaliklari ustidan suverenitetini tan olgan, shuningdek, AQSh elchixonasini Quddusga ko‘chirgan edi. U o‘zini Isroilning eng yaxshi do‘sti deb atagan va 2020 yilda Falastin muammosi bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etgandi.
Ushbu reja Isroilning Yaqin Sharqdagi barcha harakatlarini, jumladan, O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilidagi anneksiyani qonuniylashtirish va Quddusni Isroilning poytaxti deya e’lon qilishga qaratilgandi.
Bu reja Isroil tarafidan qo‘llab-quvvatlandi, ammo falastinliklar uni qat’iy rad etdi. Ushbu tashabbus Avraam kelishuvlari bilan almashtirildi, ammo Isroil anneksiya rejalaridan voz kechmadi.
2022 yildan beri Isroilda tarixdagi eng o‘ta o‘ng hukumat hukmronlik qilmoqda. Hukumat a’zolari G‘arbiy sohilning to‘liq anneksiyasi va G‘azoni qayta bosib olish zarurligini ochiq aytmoqda. Tramp ushbu siyosiy intilishlarni qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘qmi — bu savol ham hozircha ochiq qolmoqda.
Trampning yaqindagi tayinlovlari orasida AQShning Isroildagi bo‘lajak elchisi Mayk Hakabi bor. U o‘z bayonotida Isroil suverenitetini Falastin hududlarigacha kengaytirishga qarshi emasligini aytib o‘tgan. Bu esa yangi ma’muriyatning Yaqin Sharqdagi siyosatini qanday amalga oshirishini yanada noaniq qiladi.
Ilgari o‘zining «Aslida, «falastinlik» degan tushuncha mavjud emas», degan gapi bilan tanilgan Hakabi, tayinlanganidan so‘ng, shunday dedi: «Albatta, Trampning ikkinchi ma’muriyati davrida Yahudiya va Samariya anneksiya qilinishi mumkin».
Ayrim ekspertlar va diplomatlar Tramp G‘arbiy sohilda Isroil ekspansiyasiga qarshi bo‘lmasligi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Shu bilan birga, u falastinliklarga 2020 yildagi tinchlik rejasiga qaytishni taklif qilishi mumkin.
«Trampning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan munosabatlari va uning yangi tayinlovlarining siyosiy pozitsiyalarini hisobga olgan holda — ular orasida AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi va uning mudofaa vaziri Pit Hegset bor — AQSh Isroilning G‘arbiy sohilni anneksiya qilishga yoki, kamida, uning katta qismini o‘zlashtirishga yo‘l ochib berishidan xavotir kuchaymoqda», — deb yozadi Britaniyaning Chatham House tahlil markazi ilmiy xodimi, Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Nil Kuilliam.
Yangrayotgan ayrim taxminlarga ko‘ra, Tramp falastinliklarga Puerto-Riko modeliga o‘xshash avtonomiya taklif qilishi mumkin (Puerto-Riko — Karib dengizi mintaqasidagi AQShning korporatsiyalashmagan hududi). Trampning sobiq maslahatchisi Mayk Evans yaqinda bergan intervyusida ta’kidlashicha, «tinchlik evaziga tinchlik» tamoyili asos qilib olinadi, «zamin evaziga tinchlik» emas. Bu kabi yondashuv haqida AQShning Isroildagi sobiq elchisi Devid Fridman ham o‘z kitobida yozgan. Bunday taklifga falastinliklar qanday munosabatda bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas.
Davlat departamenti rahbari bo‘lishi kutilayotgan Marko Rubio esa Bayden ma’muriyati davrida G‘arbiy sohildagi falastinliklarga hujum qilishda ayblangan isroillik ko‘chkindilarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishga va’da bergan. Shuningdek, u Tramp ma’muriyatini «Amerikaning eng Isroil tarafdori ma’muriyati» bo‘lishini ta’kidladi. Ilgarigi Bayden ma’muriyati ham o‘zini Isroil tarafdori deb bilgan: Bayden Isroilni qat’iy qo‘llab-quvvatlagan va o‘zini sionist deb atagan. G‘azo urushi boshidan beri AQSh Isroilga 18 mlrd dollarlik qurol yetkazib bergan.
Trampga Isroilni qo‘llab-quvvatlash va Netanyahuning ulkan intilishlari hamda o‘zining asosiy maqsadi — Saudiya Arabistoni bilan kelishuvga erishish o‘rtasida muvozanatni saqlashga to‘g‘ri keladigan ko‘rinadi.
Siyosiy tahlilchi Nil Kuilliamning fikricha, Saudiya Arabistonining pozitsiyasi Isroilning G‘arbiy sohilni anneksiya qilishidan tiyilishini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin, ayniqsa, agar Tramp uchun normallashuv eng katta mukofot bo‘lsa.
«Tramp har qanday sharoitda kelishuv imkoniyatini ko‘radi. Agar u muayyan turdagi Falastin davlatini tashkil qilish evaziga normallashuvga erishishi mumkin, deb hisoblasa, u bunga rozi bo‘ladi», — deydi Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Alen Diyekoff.
Trampga Netanyahudan sovg‘a
Donald Tramp Oq uyga qaytishidan oldin Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ham amaldagi prezident Jo Bayden, ham yangi prezident Donald Tramp ushbu jarayonni o‘z yutug‘i sifatida baholashdi.
Otashkesim qancha davom etishi haqida hech kim aniq ayta olmayapti, ammo G‘arb diplomatlari va ekspertlari birinchi bosqich — 42 kunlik kelishuv muddatidan keyin urush yangilanishi mumkinligidan xavotirda.
Bu kelishuv Bayden tomonidan may oyida taklif qilingan rejani aynan takrorlaydi. Aslida, ushbu rejani avvalroq Isroil ham ilgari surgandi. Biroq shu paytgacha kelishuv faqat qog‘ozda qolib kelgan. Ekspertlar fikricha, kelishuvga erishishda «Tramp effekti» hal qiluvchi omil bo‘lgan.
«Bu kelishuvdan ko‘rinib turibdiki, Trampning yangi ma’muriyati — Isroilni zarur muvozanatlarga erishishga majbur qilish uchun yetarli ta’sir kuchiga ega yagona tomon», — deydi Yevropa Xalqaro munosabatlar kengashi katta ilmiy xodimi Hyu Lovatt.
Tramp va Netanyahu o‘rtasida iliq munosabatlar mavjud, va ko‘plab tahlilchilar fikricha, Isroil bosh vaziri aynan Tramp qaytishini kutgan, so‘ngra o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilgan.
«Netanyahu Trampga sovg‘a tayyorlamoqchi bo‘lgani uchun Bayden prezidentligi davrida hech qanday qarorga kelmagan», — deydi fransiyalik tarixchi Vensan Lemir.
Tramp, o‘z navbatida, o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv uning lavozimga kirishishidan oldin imzolanishi shartligini bir necha bor ta’kidlagan.
Kelishuvning ko‘plab noaniq tomonlari mavjud. G‘azo kim tomonidan boshqarilishi, Hamas va Falastin ma’muriyatining kelgusi roli qanday bo‘lishi noma’lum. Binyamin Netanyahu avvallari G‘azo ustidan nazoratni Falastin milliy ma’muriyatiga topshirishga qarshi chiqqan, boshqa isroillik siyosatchilar G‘azo ustidan to‘liq nazoratni Isroilga berishni talab qilishgan.
Frankfurtdagi Tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (PRIF) ilmiy xodimi Eldad Ben Aaron Isroil va Hamas o‘rtasidagi kelishuv haqida «Trampni shartnomaning mazmuni emas, uning borligi qiziqtiradi. U o‘z merosi va Nobel tinchlik mukofoti haqida o‘ylaydi», — deya izoh berdi.
Kelishuvning uch bosqichi ham amalga oshadimi, urush yangidan avj oladimi va yangi ma’muriyat bu vaziyatda qanday yo‘l tutadi — hozircha noma’lum.
«Bugungi kelishuv G‘azodagi urushni yakunlamaydi. Bu faqat 2-bosqich doirasida amalga oshishi mumkin. Ammo 2-bosqichga o‘tilsa-o‘tiladimi, bu ko‘p jihatdan Tramp ma’muriyatining qat’iyatiga bog‘liq. Ular Isroilni ushbu bosqichga majburlashadi yoki urushni yangidan boshlashga ruxsat berishadi», — deydi Kaliforniya universitetining isroilshunoslik bo‘yicha professori Dov Vaksman.
Buyuk Britaniyaning RUSI tahlil markazi Yaqin Sharq xavfsizligi bo‘yicha eksperti H.A.Hellyyer yanada pessimistik fikr bildirdi.
«Birinchisi amalga oshish arafasida. Agar amalga oshmasa, ajablanaman. Ammo 2- va 3-bosqichlar faqat Tramp ma’muriyati isroilliklarga kuchli bosim o‘tkazgandagina amalga oshadi. Ammo bunday bo‘lish ehtimoli juda oz», — deydi u.
Hellyyerning fikricha, bu kelishuv urushni to‘xtatish uchun emas, balki faqat asirlar almashuvini ta’minlash uchun yaroqli.
«Kelishuvni urushni to‘xtatish shartnomasiga aylantirish mumkin, lekin bunga erishish uchun Isroil G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishi va o‘z harbiylarini chiqarishi kerak. Hozircha bunday ehtimol juda kam», — deya izohladi ekspert.
Isroilning Haaretz gazetasi yangi ma’muriyat uchun haqiqiy sinov kelishuvning 2-bosqichi amalga oshish muddati yaqinlashganda kelishi haqida yozdi.
«Netanyahu va uning tarafdorlari ikkinchi bosqichni buzish va urushni to‘xtatish majburiyatidan qochish niyatida ekanliklarini ochiq aytdi. Yangi AQSh prezidenti kelishuv bajarilishini ta’minlab, asirlarning ozod qilinishi va urushni to‘xtatish kafolatlarini ta’minlashi lozim bo‘ladi», — deya xulosa qiladi nashr.
Eron: bosim yoki bo‘shashish va yana Saudiya Arabistoni
Trampning birinchi prezidentligi davrida Eron bilan yaqinlashuv o‘rniga maksimal bosim siyosati amalga oshirildi. U AQShni Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvdan chiqardi va Eronga qarshi qattiq sanksiyalar joriy etdi. Yaqin Sharq siyosatidagi yangi tayinlangan shaxslar, jumladan, Davlat kotibi Marko Rubio va Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uols, Eronga qarshi qattiq ritorikalari bilan tanilgan.
Isroil, o‘z navbatida, AQShdan Eronning yadroviy obektlariga zarba berishga ruxsat so‘ramoqda. 4 oktyabrda Tramp Baydenning Isroilga Eron tomonidan raketa hujumiga javob berish bo‘yicha bayonotiga munosabat bildirib, shunday degan edi: «Avvalo, yadroviy obektlarni yo‘q qilish kerak, qolgani haqida keyin o‘ylash mumkin».
Isroil harbiylari yangi zarba rejalarini ishlab chiqmoqda va Trampning Baydendan farqli ravishda bunday operatsiyaga qarshi chiqmasligiga umid qilmoqda.
Tahlilchilar Trampning Eronga nisbatan maksimal bosim siyosatiga qaytishni istashi haqida gapirmoqda. Tramp Eronning yadroviy qurol yaratishining oldini olishni o‘zining asosiy maqsadi deb ko‘p bor ta’kidlagan.
So‘nggi yil davomida Eronning mintaqaviy ta’siri sezilarli darajada kamaydi. «Hizbulloh» yetakchilari yo‘q qilindi, Suriyadagi asosiy ittifoqchi Bashar Asad ag‘darildi. Biroq, Eron Iroqdagi siyosatga hamon ta’sir o‘tkaza oladi va mintaqada ta’sir richaglariga ega, shuningdek, Yamandagi husiychi ittifoqchilari orqali Isroilga raketa hujumlari amalga oshirmoqda va Qizil dengizda savdo kemalariga hujum qilmoqda.
Tramp ma’muriyati, ehtimol, Eron rejimiga bosim o‘tkazib, yangi muzokaralarga majbur qilishga harakat qiladi. Biroq, bunday yondashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad rejimni o‘zgartirish emas, balki Isroil xavfsizligini ta’minlash va Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish bo‘lishi mumkin.
Biroq, Tramp shu bilan birga, Eron bilan yangi kelishuvga erishish ehtimoli haqida ham ko‘p bora ishora qilgan.
«Biz kelishuvga erishishimiz kerak. Aks holda bu juda og‘ir oqibatlarga olib keladi», — degan edi Tramp sentabr oyida Eronning yadroviy dasturi haqida.
Siyosatchilar va tahlilchilar Trampning Eron siyosatidagi ikkinchi bosqichida ushbu ziddiyatli yondashuv qanday amalga oshishini kuzatishmoqda. Unga qaramay, Trampning Eron siyosati bir tomondan bosim, ikkinchi tomondan muzokara imkoniyatlarini o‘zida mujassamlashtirishi kutiladi.
2024 yil noyabrda Donald Tramp tomonidan hukumatning samaradorlik departamenti rahbari etib tayinlangan Ilon Mask Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoni bilan uchrashdi. New York Times gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yumshatish yo‘llari muhokama qilingan.
Eronning oliy rahbari oyatulloh Xominaiy avgust oyida AQSh bilan muzokaralar boshlash ehtimolini tilga olgandi. Parij siyosiy fanlar instituti (Sciences Po) professori Kevan G‘afoitiy shunday deb yozadi: «Har qanday imkoniyatni ko‘rib chiqish zarur — mojarolardan to muzokaralarga yoki yangi Eron-AQSh kelishuvigacha».
Ekspertlar fikricha, Trampning Yaqin Sharqdagi siyosati o‘zining 2017–2021 yillar davomidagi tamoyillarini davom ettirishi mumkin: mintaqaga yangi urushlarning oldini olish va asosiy raqib — Xitoyga e’tibor qaratish.
Trampning birinchi prezidentligi davrida Fors ko‘rfazidagi davlatlar, ayniqsa Saudiya Arabistoni, Eronga nisbatan qattiq bosim va maksimal sanksiyalar siyosatida AQShni qo‘llab-quvvatlagan. Ular Eronni asosiy dushman va mintaqaviy xavf deb hisoblashgan. 2020 yilda Tramp buyrug‘i bilan Eron generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishi ham ushbu davlatlar tomonidan quvvatlandi.
Bundan farqli ravishda, 2023 yilda Xitoy vositachiligida Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, Bahrayn ham Eron bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklash ehtimoli haqida bayonot berdi.
Hozirgi vaziyatda Saudiya Arabistoni avvalgiday Eronga qarshi keskin siyosatni qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin, deb hisoblaydi ekspertlar. Shu bois, Tramp ma’muriyatining Eronga nisbatan yanada bosim o‘tkazish siyosati o‘tmishdagidek qo‘llab-quvvatlanishi ikkilanadigan masala bo‘lib qolmoqda.
Saudiya Arabistonining de-fakto yetakchisi Muhammad ibn Salmon (G‘arbda MBS qisqartmasi bilan mashhur) mamlakatning «2030-yil nigohi» megaloyihasi orqali Saudiya kelajagini qayta qurishga intilayotgan davrda mintaqaviy beqarorlik uning rejalarini qiyinlashtirmoqda. Ushbu dastur neftga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish, turizm va sportni rivojlantirish kabi ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni o‘z ichiga oladi.
Texas universiteti xalqaro munosabatlar bo‘limi professori Gregori Gauze o‘z tahliliy maqolasida «Eranning yakuniy maqsadlariga hali ham shubha bilan qarayotgan ibn Salmon hozirda Tehronga nisbatan «maksimal bosim» siyosatidan butunlay farqli siyosat yuritmoqda», deb yozgan.
2019 yilda Saudiya neft obektlariga qilingan hujumlarda Saudiya Arabistoni Tehronni aybladi. Hujumlar uchun mas’uliyatni husiychilar zimmasiga olgan bo‘lsa-da, Saudiya ushbu hodisada Eronning bevosita ishtirokini ko‘rsatgan. Donald Tramp o‘shanda bu hujumlarga qarshi qo‘shma harbiy choralar ko‘rishdan bosh tortgan va Eronga qarshi shundoq ham qat’iy sanksiyalarni kuchaytirish bilan cheklangan.
O‘shandan beri Fors ko‘rfazidagi davlatlar mintaqaviy xavfsizlik va aloqalarni mustaqil tarzda yo‘lga qo‘yish zaruratini tushunib yetishdi.
Trampning jamoasi duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolardan yana biri — agar Tramp o‘z saylovoldi va’dalarini bajarib, AQShda neft qazib olishni sezilarli darajada ko‘paytirsa, Fors ko‘rfazidagi ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkoniyati cheklanadi. Bu esa narxlar pasayishiga olib kelishi mumkin.
Trampning diplomatik urinishlari arab monarxiyalari tomonidan tushunilishi mumkin bo‘lsa-da, uning iqtisodiy siyosati Saudiya va boshqa ko‘rfaz davlatlari uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoli yuqori.
Yangi Suriya
Donald Trampga Asadlar sulolasi ortiq humronlik qilmaydigan yangi Suriya meros qoldi. Ilk prezidentlik muddatida Tramp Suriyadan Amerika qo‘shinlarini olib chiqishni e’lon qilgan bo‘lsa-da, bu mamlakat shimoli-sharqida hamon AQShning taxminan 2 mingga yaqin harbiylari qolmoqda. Shu bilan birga, Suriya hanuz Amerika sanksiyalari ostida va Bashar Asadni ag‘dargan «Hay’at Tahrir ash-Shom» harakati hamon AQShning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatida turibdi.
Yangi ma’muriyat uchun Suriyadagi eng katta boshog‘riq — «Iroq va Shom islom davlati» qayta tiklanishining oldini olish. 2019 yilda AQSh qo‘shinlari qurollangan kurdlar bilan birgalikda uni yenggan bo‘lsa-da, hali ham mintaqa murakkabliklardan xoli emas.
AQSh hozir asosan kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ular mamlakatdagi neft hududlarini nazorat qilishmoqda. Turkiya esa Suriya milliy armiyasini qo‘llab-quvvatlab, kurdlarga qarshi kurash olib bormoqda.
Qolaversa, Suriya hududida AQShning ikki ittifoqchisi Isroil va Turkiya ham ziddiyatga borishi mumkin.
Tramp bu ziddiyatlar haqida gapirib, AQSh hukumatiga mojarolarga aralashmaslikni maslahat bergan: «Bu bizning jangovar kurashimiz emas. Ular o‘z qoidalari bo‘yicha o‘ynashsin».
Biroq ekspertlar Suriyadagi vaziyatni chetlab o‘tishning iloji yo‘qligini ta’kidlashmoqda. Agar AQSh mintaqani tark etsa, Rossiya va Eron qaytib kelib, o‘z ta’sirlarini tiklashga urinishadi. Qolaversa, kurdlarning holati yomonlashishi va IShIDning tiklanishi ehtimoli mavjud.
Yaqin Sharq instituti rahbari Pol Salem bu borada shunday yozdi: «Agar AQSh Suriyani e’tiborsiz qoldirsa, bu mintaqadagi barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradi».