RFning bir qancha mintaqalari uchuvchisiz uchoqlar hujumiga uchradi

Jahon 09:39 / 21.10.2024 2265

20 oktyabr, yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan ommaviy hujumga uchradi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi poytaxti, Moskva, Lipetsk va Oryol oblastlari xavf ostida qolgan.

Poytaxt meri Sergey Sobyanin «Moskva tomon uchgan» dron Ramenskoye shahar okrugida urib tushirilganini aytdi. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar tushgan joyda vayronalar va qurbonlar bo‘lmagan», — deb yozdi Sobyanin Telegramʼdagi kanalida.

Rossiyaning boshqa mintaqalari ham dron hujumlariga uchragan. Xususan, Lipetsk oblasti gubernatori Igor Artamonov Lipetsk osmonida «UUA bostirilganini» aytdi. Artamonovning so‘zlariga ko‘ra, uchish apparati qoldiqlari Sirskiy Rudnikning mikrorayoniga tushgan. «Mutaxassislar voqea joyida va dronning qolgan qismlarini zararsizlantirmoqda», deb yozgan u.

Orel oblasti gubernatori Andrey Klichkov ham 19 oktyabr oqshomida yirik uchuvchisiz uchoqlar hujumi haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari mintaqa uzra 11 ta Ukraina dronini yo‘q qilgan.

Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz 19 oktyabr oqshomida kamida to‘rtta Ukraina dronining «yo‘q qilingani» haqida xabar berdi.

Bryansk, Lipetsk va Oryol oblastlariga qilingan hujumlar natijasida qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q, dedi mintaqa rahbarlari.

O‘ndan ortiq dron Rossiyaning uch mintaqasiga hujum qildi

13 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning uchta mintaqasiga Ukraina uchuvchisiz uchoqlari hujum qilgandi. Rossiya Mudofaa vazirligi 13 ta dron yo‘q qilinganini bildirdi. Navbatchi havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 13 ta uchuvchisiz uchoqlarini Belgorod va Kursk oblastlari hududida va bittasini Bryansk oblasti hududida yo‘q qildi, deyiladi xabarda.

Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomazning aytishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari mintaqada Ukraina uchuvchisiz uchog‘ini urib tushirgan, qurbonlar va vayronalar yo‘q.

Kursk oblastida havo hujumi haqida ogohlantirish tun bo‘yi ishladi, deb yozdi gubernator Aleksey Smirnov.

Ko‘proq yangiliklar: