2023 yil dekabr oyidan beri Rossiya rasmiylari va sudlari kamida 12 nafar fuqarolikka qabul qilingan rossiyalikni harbiy xizmatda ro‘yxatdan o‘tmagani va harbiy ro‘yxatga olish idorasiga kelmagani uchun olingan fuqarolikdan mahrum qildi. Bunga 19 oktyabr, shanba kuni «Vajnyye istorii» nashri e’tibor qaratdi. Fuqarolikdan mahrum qilingandan so‘ng, barcha erkaklar Rossiyani tark etishga majbur bo‘lishdi.
Bundan tashqari, 12 ta holatdan 10 tasi so‘nggi ikki oyda — Davlat dumasi yozda harbiy xizmatda ro‘yxatdan o‘tmaganligi uchun olingan fuqarolikdan mahrum qilish imkonini beruvchi qonun loyihasini qabul qilganidan keyin sodir bo‘lgan. Nashrning qayd etishicha, yangi qonunning maqsadlaridan biri «sobiq muhojirlarni yangi safarbarlikdan qochib, majburan urushga yuborish»dir.
RF TQ rahbari: Ukraina bilan urushga 10 ming yangi fuqaro yuborildi
Iyun oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin mamlakatda Rossiya fuqaroligini olgan, ammo harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan 30 mingdan ortiq muhojir «qo‘lga olinganini» aytdi. Ulardan 10 mingga yaqini allaqachon Rossiya armiyasi tarkibida Ukraina bilan urushga jo‘natilgan, dedi Bastrikin.
Rasmiy idoralarning xabarlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida u yerda yashovchi 2 million chet el fuqarosi Rossiyani tark etgan. 2024 yilda Rossiyaning o‘nlab mintaqalarida migrantlar mehnatiga cheklovlar joriy qilingan.
Rossiya hukumati 22 mart kuni, rasmiy versiyaga ko‘ra, Tojikiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan "Krokus Siti Xoll"da yuz bergan qonli teraktdan so‘ng migratsiya siyosatini kuchaytira boshladi.