Isroil bosh vaziri qarorgohiga hujumdan keyin Eronga tahdid qildi

Jahon 10:47 / 21.10.2024 8840

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron va Tehron ittifoqchilarini Livandan uchirilgan uchuvchisiz uchoq Isroil hukumati rahbarining Kesariya shahridagi shaxsiy qarorgohiga hujum qilganidan keyin uni va uning rafiqasi o‘ldirmoqchi bo‘lganlikda aybladi. «Eronparast «Hizbulloh» guruhining bugun meni va xotinimni o‘ldirishga urinishi jiddiy xato bo‘ldi», — deb yozdi Netanyahu 19 oktyabr, shanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida. «Bu meni yoki Isroil davlatini kelajagimizni ta’minlash uchun dushmanlarimizga qarshi adolatli urushni davom ettirishdan to‘xtata olmaydi», deb qo‘shimcha qildi bosh vazir.

Eron va uning ittifoqchilari Isroil fuqarolariga zarar yetkazmoqchi bo‘lsalar, «og‘ir narx to‘laydilar», deya tahdid qildi Netanyahu. U Isroil «terrorchilarni va ularni yuborganlarni yo‘q qilishda» davom etishini qo‘shimcha qildi.

Isroil bosh vazirining shaxsiy qarorgohiga uchuvchisiz uchoq hujumi Livanning «Hizbulloh» harakati tomonidan uyushtirilgan, deb xabar berdi Irna Eron davlat agentligi Islom Respublikasining BMTdagi doimiy vakiliga tayanib.

OAV: Isroil Eronning yadroviy inshootlariga zarba bermaydi

Isroil Eronga javob zarbasi berishda yadroviy yoki neft emas, balki Islom Respublikasining harbiy obektlarini nishonga oladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh prezidenti Jo Baydenga ma’lum qildi, deb yozdi The Washington Post 15 oktyabrga o‘tar kechasi. Aftidan, gap ikki yetakchi o‘rtasida 9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti haqida ketmoqda.

Isroilning faqat Eron harbiy obektlariga hujum qilish rejasi Vashingtonda «yengillik» bilan kutib olindi, deb yozadi WP. Nashrning qayd etishicha, tahlilchilar Eron neft obektlariga hujum dunyoda energiya narxining oshishiga, yadroviy inshootlarga hujum esa yanada keskinlashuvga olib kelishi va Qo‘shma Shtatlarni mojaroga tortishi mumkinligidan xavfsiragan. Bayden avvalroq Isroilni «boshqa variantlar haqida o‘ylashga» chaqirgan edi.

The Washington Post nashriga ko‘ra, Netanyahu hozir egallagan «nisbatan vazmin pozitsiya» AQSh prezidentining Yaqin Sharqdagi ittifoqdoshiga THAAD raketaga qarshi kuchli mudofaa tizimini yuborish qaroriga ta’sir ko‘rsatdi. Pentagon 13 oktyabr kuni Isroilda THAAD batareyasi joylashtirilishini ma’lum qildi.

Vashingtondagi manbaning WP nashriga aytishicha, Isroilning Eronga zarbasi AQShda 5 noyabrga belgilangan prezidentlik saylovlari oldidan amalga oshirilishi kerak. Agar Isroil o‘z hududining ommaviy o‘qqa tutilishiga javob bermasa, Tehron buni zaiflik belgisi sifatida talqin qilishi mumkin, deb yozadi gazeta. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar bilan maslahatlashuvlar natijasida Isroil «yaqin haftalarda» Livandagi operatsiyasini to‘xtatishini e’lon qildi, deb yozadi gazeta.

Ko‘proq yangiliklar: