1 gramm oltin narxi 90 dollarga yetdi

Iqtisodiyot 11:58 / 21.10.2024 6354

Markaziy bank 21 oktyabr kuni oltin quymalar va esdalik oltin tangalar narxlarini yangiladi. Qimmatbaho metallning 1 grammi narxi 1 mln 150 ming so‘m yoki 89,7 dollarga yetdi.

Ayni paytda 5 grammli oltin quymalar narxlari 5 mln 750 ming so‘mni, 15 grammli esdalik tanga narxi 17 mln 418 ming so‘mni tashkil qilmoqda. 

Qimmatbaho metallning joriy narxlari yil boshidagi narxlardan 35,5 foizga, 2023 yilning mos davridagi narxlardan esa 45,4 foizga yuqori.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni 2018 yilda muomalaga chiqargan. 2020 yil noyabridan boshlab esa o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.

Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonda oltin narxlarining oshishi global narxlar o‘sishi bilan izohlanmoqda. Jahonda oltin narxi uzoq muddatli rekordlarni yangilashda davom etyapti. Ayni paytda oltinning bir troya unsiyasi 2728 dollarga baholanmoqda, bu bir gramm uchun 87,7 dollarga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: