Yangi Zelandiya aeroportida yo‘lovchilar va ularni kuzatgani chiqqanlarga 3 daqiqadan ortiq quchoqlashish taqiqlandi

Jahon 00:11 / 20.10.2024 3527

Yangi Zelandiyadagi Danidin aeroporti yo‘lovchilar va ularni kuzatib qo‘yuvchilarga 3 daqiqadan ortiq quchoqlashishni taqiqladi.

«Mehribonroq xayrlashish uchun, iltimos, avtoturargohdan foydalaning», — deyiladi aeroportga kirishga o‘rnatilgan belgidagi yozuvda. 

Yangi qoida haqida sentabr oxirlarida Danidin sayti orqali ma’lum qilingan, CNN jurnalistlar bunga endi e’tibor qaratdi. Aeroport direktori Deniel De Bono mazkur qoidaga izoh berar ekan, 2003 yilgi tadqiqot natijalaridan misol keltirgan. Unda aytilishicha, 20 soniyali qisqa quchoqlashuv ham insonning jismoniy salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchib ketayotganlar va kuzatuvchilar sekin-asta xayrlashadigan bo‘lsa, qolganlar bunga ulgurmay qolishi mumkin. CNN’ning aniqlik kiritishicha, aeroport oldidagi avtoturargohdan faqat 15 daqiqa davomida bepul foydalanish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bunday chorani «noinsoniy» deb atab, qator savollarni o‘rtaga tashlamoqda: «Ular endi xayrlashuv uchun ham qoidalar o‘rnatmoqdami? Bular uchun biror muqaddas narsa bormi o‘zi?». Ko‘pchilik aeroport yo‘lovchilar hamda ularning yaqinlarini shaxsiy xayrlashuv onlariga aralashishga haqi yo‘qligini aytmoqda. Ammo mazkur yangilikni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham topilyapti. Ular bunday cheklovlarni dunyoning boshqa aeroportlarida ham joriy etish taklifini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: