Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi

O‘zbekiston 15:38 / 20.10.2024 25240

Rossiya Davlat dumasi deputati, «Spravedlivaya Rossiya» fraksiyasi rahbari Sergey Mironov O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligi fuqarolarni Rossiya armiyasida xizmat qilmaslikka chaqirgani sababli O‘zbekiston bilan viza rejimini joriy qilish lozimligini aytdi.

«O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya armiyasi saflariga qo‘shilmaslikka chaqirdi. Nega ular sizni onalik uchun suyunchi pulini olmaslikka undamadi? Boshqa imtiyozlardan foydalanish mumkin, lekin sizni boqayotgan mamlakatni himoya qilish mumkin emas. Viza rejimi bilan hammasi hal bo‘ladi! Bunday «fuqarolar» bizga kerak emas», deb yozgan Mironov X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

O‘zbekiston jamoatchiligi rossiyalik deputatning oxirgi so‘zlariga munosabat bildirdi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov unga javobida «o‘zbeklar haqqini odam o‘ldirib emas, mehnat qilib topishi»ni ta’kidlagan. 

«Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari va nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham Vatanni himoya qilishni o‘zbeklardagidek muqaddas burch hisoblaydilar», degan Alisher Qodirov.

Oliy Majlis deputati, «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov konsullik fuqarolarni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishini tabiiy va adolatli, deb atadi va bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi.

«Vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo‘shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir», deydi  Bobur Bekmurodov.

Deputat O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi «Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida»gi shartnomaning 7-moddasida «...bir tomon fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini boshqa tomon hududida kafolatlaydigan samarali choralar ko‘radilar», deb yozilganini eslatdi.

«Bizda qonunlar ishlaydi. Sizlarda ham shunday bo‘lishi kerak, o‘rtoq Mironov», dedi Bobur Bekmurodov.

Holatga ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev ham munosabat bildirgan.

«O‘zbekiston diplomatik idorasi O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan normalarni o‘z fuqarolariga eslatgani uchun Rossiyadan viza rejimi joriy etish tahdidi yangrayotgani, Rossiya siyosatchilari O‘zbekistonni o‘zlariga qaram davlat sifatida ko‘rishini anglatmoqda.  

Afsuski, yuqori martabali siyosatchining bu gaplari Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan aloqalarni buzish uchun bahona qidirayotganini ko‘rsatmoqda», dedi u.

«O‘zbekiston o‘z hududida ishlayotgan rus fuqarolarini O‘zbekiston manfaati uchun qayergadir urushga jo‘natganida Rossiya diplomatik vakolatxonalari indamay turisharmidi?» deya savol qo‘yadi Kusherbayev.

Shuningdek, u O‘zbekistonda ham qarshi tomonga nisbatan xuddi shunday viza rejimi joriy etish imkoniyati borligini unutmaslik kerakligini qayd etgan.

«Menimcha, O‘zbekiston uchun nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga Zaxarovadan so‘ng kim kiritilishi kerakligi ko‘pchilikka tushunarli bo‘lgan bo‘lsa kerak», deya qo‘shimcha qildi Kusherbayev.

  • Bundan oldinroq, O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi fuqarolikdan chiqarishga doir prezident farmoni qabul qilingunga qadar, o‘zbekistonliklarning xorijiy davlat fuqaroligi e’tirof etilmasligini bildirgandi. Diplomatik vakolatxona yurtdoshlarni urush targ‘ibotlariga berilmaslikka chaqirib, O‘zbekistonning xorijiy davlatdagi harbiy harakatlarda qatnashgan barcha  fuqarolari istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishidan ogohlantirgandi.
  • Sergey Mironov avvalroq Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga Rossiya fuqaroligini berishga vaqtinchalik moratoriy kiritishni taklif qilgani ham shov-shuv bo‘lgandi. U bu orqali Rossiya milliy xavfsizlik sohasidagi o‘z manfaatlarini himoya qilishi kerakligini ta’kidlagandi.
Ko‘proq yangiliklar: