AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon) paydo bo‘lgan xabarlar asosida Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga Shimoliy Koreya harbiy kontingenti ehtimoliy yuborilishi imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi brigada generali Patrik Rayder kundalik brifingda aytdi.
Rayderning ta’kidlashicha, Pentagon Pxenyanning Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkinligi haqidagi xabarlarni ko‘rgan, ammo ularning haqiqiyligini hali tasdiqlay olmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon bu masalani o‘rganmoqda va bu yo‘nalishdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.
«Agar bu ayblovlar rost bo‘lib chiqsa, bu Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik kuchayib borayotganini anglatadi. Bu, shuningdek, Rossiyaning jang maydonidagi kuch nuqtayi nazaridan qanchalik og‘ir ahvolda ekanini ko‘rsatadi», — dedi u.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusselda Yevropa Ittifoqi (YeI) yetakchilari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga Rossiya 10 mingga yaqin Shimoliy Koreya askarini janglarga jalb etishni rejalashtirayotganini aytgandi.