Umra litsenziyasi uchun talablar qiyinlashtirildi: ziyorat narxlari oshishi mumkin. Hukumat 2030 yilgi YaIM prognozini yangiladi: va’da qilinayotgan ko‘rsatkichlar iqtisodiy mo‘jizaga teng. O‘zbekiston KXShT va YeOIIga a’zo bo‘lmaydi, kichik AESlar esa butun respublika bo‘ylab qurilishi mumkin. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.
“Umrachi” firmalarga yangi talablar
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra litsenziyasi uchun yangi talablarni e’lon qildi. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan bu talablar avvalgisidan ancha qiyin: endilikda Umra ziyoratini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi firmalar 100 ming dollar emas, 1 mln dollar miqdoridagi mablag‘ni “Ziyorat jamg‘armasi”ga zaxira qilib qo‘yishi kerak. Bundan tashqari, litsenziya olgan firma Umra xizmatlarini uchinchi davlatlar yoki boshqa turoperatorlar orqali ko‘rsatmasligi, Saudiyadagi hamkor kompaniya bilan o‘zaro hisob-kitoblarni faqat banklar orqali amalga oshirishi kerak bo‘ladi.
Shu va boshqa qator talablarni buzgan yuridik shaxslar 75 mln so‘m jarimaga tortiladi. Talablarning kuchaytirilishini rasmiylar ayrim turfirmalarning nojoiz harakatlari bilan izohladi. Qayd etilishicha, turfirmalar tomonidan vizalarni soxtalashtirish, mehmonxonalarda joy band qilmaslik, qaytish aviachiptalarini xarid qilmaslik kabi tashkiliy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Natijada 13 mingdan ortiq fuqaro xorijda sarson bo‘lgan, bir necha ming o‘zbekistonlik Saudiyada bo‘lish qoidalarini buzgani uchun deport qilingan.
Avvalgi litsenziyalar bekor qilinmaguncha, O‘zbekistonda 100 ming dollar mablag‘ni zaxira qilib qo‘ygan 77 ta turfirma Umra xizmatlarini ko‘rsatayotgandi. Zaxira talabining 10 barobarga oshirilishi “umrachi” firmalar sonini keskin qisqartirishi aniq. Tannarxning oshishi va raqobat muhitining yomonlashishi esa yakunda o‘zbekistonliklar uchun Umraga borish qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev 1 mln dollarni katta miqdor emas deb hisoblamoqda.
“Endi, bu katta miqdor emas. Xabaringiz bo‘lsa kerak, bunga qadar 100 ming dollar qo‘yish [majburiyati] bor edi. O‘shanda 15 mingga yaqin fuqarolarimiz Saudiya Arabistonida qolib ketdi, ularning hammasi hukumat tomonidan olib kelindi. Bu haqda biror marta yoritmadingiz…
Demoqchimanki, agar 1 million dollar rekvizitga qo‘yiladigan bo‘lsa, “Havo yo‘llari” [chiptasi]ni 600 dollardan hisoblaydigan bo‘lsak, u yerdagi mehmonxonalar va boshqa xizmatlarning hisobini olsak, bu ham [1 million dollar] ming kishiga yetyapti. O‘sha 15 ming kishi bilan muammo bo‘lganida, qo‘yilgan 100 ming dollarga 100 kishini ham qaytarib olib kelishga imkoniyatimiz yo‘q edi”, – dedi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Sodiqjon Toshboyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi qaror fuqarolarning Umra firmalariga murojaat qilmasdan, o‘zlari mustaqil tarzda Umraga borish huquqini cheklamaydi. Saudiya Arabistoni o‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga ham elektron viza bera boshlagan. Bu vizani Saudiya aeroportlariga kelganda ham rasmiylashtirish mumkin. Ko‘p martalik viza yil davomida Umra amallarini bajarish va podshohlik bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi.
“Bu bemalol, hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Nusuk degan Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligining dasturi bor, [yoki onlayn turistik viza] uydan o‘tirib, olib boraversin, xohlasa. Xohlasa, Dubay yoki Turkiya orqali, xohlasa to‘g‘ridan to‘g‘ri reysda borsin. Bunga hech qanday qarshilik yo‘q. Uyingizdan o‘tirib bemalol olaverasiz, Saudiya Arabistoni ham buni bemalol ochib qo‘ygan”, – dedi u.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Saudiya Arabistoni tomonidan O‘zbekistonga ajratilgan 24 mingtalik Haj kvotasidan to‘liq foydalanilmayotgani, Hajga haligacha 15 ming o‘zbekistonlik yuborilayotganiga izoh berib, kvotalardan to‘liq foydalanish uchun tashkiliy masalalarni hal qilishga vaqt kerakligini aytdi. Hajga boradigan ziyoratchilar soni sekin-sekin ko‘tarib boriladi, dedi Toshboyev.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 7 yilda 2 barobarga o‘sishi aytildi
O‘zbekiston hukumati 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulotni 200 mlrd dollarga yetkazmoqchi. Bundan avval belgilangan maqsadli ko‘rsatkich 160 mlrd dollar edi. Oshirilgan prognozga ko‘ra, 6 yildan keyin jon boshiga YaIM hajmi 4000 dollar emas, 5000 dollar bo‘lishi aytilyapti. Bu haqda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjet masalalari bo‘yicha prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, yil yakunigacha iqtisodiy o‘sish kamida 6 foiz bo‘lib, YaIM hajmi 111 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda. Lekin bu ikki raqam bir-biriga inkor qilishi izohtalab holat bo‘lib turibdi. Chunki avvalroq O‘zbekiston iqtisodiyotining 2023 yilgi hajmi qayta baholashdan o‘tkazilib, o‘tgan yilgi YaIM 91 mlrd dollar emas, 102 mlrd dollar bo‘lgani qayd etilgandi. Lekin bir yilda bu hajm 111 mlrd dollarga yetishi uchun yillik o‘sish 10 foiz bo‘lishi kerak. Xuddi shunday, 2030 yilgacha iqtisodiyot ko‘lamini 200 mlrd dollarga yetkazish uchun yillik o‘sish o‘rtacha 10 foizdan kam bo‘lmasligi talab etiladi. Bunday iqtisodiy mo‘jiza dunyo tarixida kamdan kam kuzatilgan.
Mas’ullarga O‘zbekistonning suveren kredit reytingini investitsion darajaga olib chiqish vazifasi ham yuklatildi. Buning uchun hozirgi reytingni uch pog‘onaga yaxshilash talab etiladi. Lekin shuni ham inobatga olish kerakki, O‘zbekiston ilk marta 2018 yilda suveren kredit reytingini olgan bo‘lsa, o‘shanda olingan spekulyativ toifadagi BB- reytingi haligacha o‘zgarmay kelmoqda. Ya’ni, iqtisodiy sektor mas’ullari oldida oxirgi 6 yilda oshirilmagan reytingni kelgusi 6 yilda 3 pog‘onaga oshirish vazifasi turibdi.
Rasmiylarga ko‘ra, yig‘ilishda kelasi yilgi inflatsiya darajasini 7 foizdan oshirmaslik topshirig‘i berilgan. Pul qadrsizlanishi 2026 yilda 5-6 foiz darajasida saqlanishi, 5 foizlik targetga 2027 yilda erishilishi ko‘zda tutilmoqda. 2025 yilda 78 ta tuman o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazilishi, eksport hajmi 25 foizga oshirilishi reja qilingan. Respublika bo‘yicha ta’mirtalab holatdagi 4700 ta ko‘prikni uch yil ichida bosqichma-bosqich ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.
“Qozog‘iston YeOIIga qo‘shilishdan juda kam foyda oldi” — Akmal Saidov
Kam quvvatli atom elektr stansiyasi nafaqat Jizzaxda, respublikaning boshqa hududlarida ham qurilishi mumkin. “O‘zatom” agentligi Toshkentda o‘tgan konferensiyada kichik AESlar uchun istiqbolli maydonlar xaritasini ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, kichik atom stansiyalari deyarli barcha viloyatlarni qamrab olishi mumkin. Agentlik direktori Azim Ahmadxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, tanlab olingan 14 ta istiqbolli maydonni batafsil o‘rganish rejalashtirilgan.
Forish tumanidagi AESni qurish direksiyasi direktori Otabek Omonovning aytishicha, stansiya uchun yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarishda mahalliy urandan foydalaniladi. Bunda, o‘zbek urani Rossiyaga olib borilib, o‘sha yerda boyitiladi va yoqilg‘iga aylantiriladi. AESda ishlatilganidan keyin, yadro chiqindisi yana Rossiyaga olib ketiladi. Omonovga ko‘ra, loyihani moliyalashtirish masalasida xorijiy va mahalliy banklarga takliflar yuborilgan. AESning qiymati va iqtisodiy hisob-kitoblari esa ochiqlanganicha yo‘q.
Ayni paytda, O‘zbekiston KXShT va YeOIIga qo‘shilish niyatida emas. Bu haqda Toshkentda o‘tgan boshqa bir konferensiyada, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy bloklarga qo‘shilish O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga zid. “Biz yigitlarimizni hech qachon harbiy missiyalarni, shu jumladan tinchlikparvarlik missiyalarini bajarish uchun yubormaymiz. Hududimizda xorijiy harbiy bazalar bo‘lmaydi”, dedi Saidov.
YeOII masalasida esa, parlament komissiyasi bu tashkilotning mingdan ortiq hujjatlari o‘rganib chiqqan va shunday qarorga kelgan: O‘zbekiston bu ittifoqda kuzatuvchi maqomida qolishdan manfaatdor. Akmal Saidov Qozog‘istonni misol keltirib, ular YeOIIga qo‘shilishdan juda kam foyda olganini aytib o‘tdi.
Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, joriy haftada Qozog‘iston BRICS'ga a’zo bo‘lmasligini e’lon qildi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga a’zolik taklifi berilgan bo‘lsa-da, bu taklif milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqildi va Qozog‘iston hozircha BRICS'ga qo‘shilishni rejalashtirmayapti, deya ma’lum qildi To‘qayevning matbuot xizmati. Bu xabardan ko‘p o‘tmay, Rossiya Qozog‘istondan bir nechta turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini taqiqladi. Rosselxoznadzor buni karantin talablarining buzilishi bilan izohlagan.
O‘zbekiston konsulxonasi: “Urush targ‘ibotlariga berilmang”
Rossiyada o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlarni Ukrainaga qarshi urushga borishga majburlash holatlari davom etmoqda. Bu holat ayniqsa qamoqxonalarda ommaviy tus olgan. Urushga borish uchun shartnoma imzolamagan mahkumlar jazo izolyatoriga joylashtirilayotgani, koloniya xodimlari migrantlarni bunga majburlash uchun ularni boshqa mahbuslarga kaltaklatayotgani haqida xabarlar bor. Matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, urushga o‘z xohishi bilan borganlarga go‘yoki frontning xavfsizroq qismiga jo‘natish va’da qilinmoqda.
O‘zbekiston rasmiylari, xususan Tashqi ishlar vazirligi va Ombudsman bu holatlar bo‘yicha biror chora ko‘rayotgani yoki yo‘qligi ma’lum emas. Dushanba kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi bayonot bilan chiqib, vatandoshlarni urush targ‘ibotlariga berilmaslikka chaqirdi. Xorijiy davlatdagi harbiy harakatlarda qatnashgan barcha O‘zbekiston fuqarolari istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi ta’kidlandi.
Deyarli har hafta respublikaning u yoki bu viloyatida Ukrainadagi urushda qatnashganlar ustidan sud hukmlari o‘qilmoqda. Kuni kecha bulung‘urlik 56 yoshli erkak Donetskdagi harbiy harakatlarda qatnashgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. E’tiborlisi, uning urush tomon yo‘li Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasidan boshlangan. Elchixona unga “yo‘llanma berib”, fuqarolik olish uchun Chelyabinskka borishni tavsiya qilgan. Urushda ikki oyog‘i va bir qo‘lidan yaralangan erkak vatanga qaytganida qo‘lga olingan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Olmaliqda 4-misni boyitish fabrikasi qurilishi boshlandi. 5,3 mlrd dollarlik loyihaga Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev start berdi. Davlat rahbari 4,6 mlrd dollarlik 3-fabrika qurilishini ko‘zdan kechirdi. Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda 5-fabrika ham loyihalashtirilmoqda. Bu korxonalar “Yoshlik-1” konidagi ma’danlardan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan bo‘lib, birgina 4-fabrikaning yillik ishlab chiqarish hajmi salkam 2 mlrd dollarga yetishi aytilmoqda.
Birjada AI-80 benzini narxi tonnasiga 10 mln so‘mdan ham oshib ketdi. Shu tariqa, oxirgi bir yil ichida AI-80'ning birja narxi salkam 40 foizga ko‘tarildi. Narxlar oshishi taklif hajmining keskin qisqarishi fonida ro‘y bermoqda. Ayni paytda, global bozorlarda neft narxi arzonlashayotganiga qaramay, O‘zbekistonda benzinning sifatli turlari ham qimmatlashishdan to‘xtamayapti. Mamlakatimizda yuqori sifatli benzin narxi AQShdagi narxlarni ham ortda qoldirgan, qo‘shni Turkmaniston va Qozog‘iston bilan esa 2 barobardan ko‘proq farq yuzaga kelgan.
UzAuto Motors Chevrolet Cobalt'ning Midnight nomli dizaynini taqdim etdi. Rasmiy relizga ko‘ra, birinchi bosqichda yoritish tizimi va diskalar qoramtir tusga o‘tkaziladi, keyinchalik avtomobilning ichki dizayni ham yangilanadi. Shuningdek, bu versiya 106 ot kuchiga ega 1,5 litrli dvigatel va avtomat uzatmalar qutisiga ega bo‘ladi. Yangi versiya avvalgi komplektatsiyaga qo‘shimcha sifatida chiqarilishi aytilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Cobalt uchun istalgan vaqtda shartnoma olishning to‘xtatilganiga kelasi oyda roppa-rosa 2 yil bo‘ladi.
16 oktyabr kuni Qozog‘istonda sodir bo‘lgan ayanchli YTH oqibatida O‘zbekistonning 6 fuqarosi halok bo‘ldi, yana 4 nafari shifoxonaga yotqizildi. Qurbonlardan ikki nafari – bolalar. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Jac rusumli yengil avtomobilda Rossiyadan qaytayotgan o‘zbekistonliklar Mang‘istau oblastida yo‘l chetida to‘xtab turgan MAN yuk mashinasiga kelib urilgan. Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, kasalxonada bo‘lib turgan 4 vatandoshning ahvoli yaxshi, ular sog‘ayishi bilan O‘zbekistonga qaytariladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi kunlar sovishi sababli ogohlantirish bilan chiqdi. Hafta o‘rtalarida kechasi harorat ilk marta 0 darajaga tushdi. Isitish mavsumi boshlanarkan, fuqarolarga pechlar va dudburonlarning sozligini tekshirish tavsiya etilmoqda. Dudburonlar har xil buyumlar bilan bekilib qolmagani, yoriqlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020–2023 yillarda 600 dan ortiq kishi is gazidan zaharlangan, ularning 400 dan ortig‘i halok bo‘lgan.