Malaka oshirish kurslaridan o‘tgan o‘zbekistonlik mutaxassislar Germaniyada ishga joylashtiriladi

O‘zbekiston 07:18 / 19.10.2024 3251

Muzokaralar chog‘ida kasb-hunar ta’limi tizimi va tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv ta’minoti tizimini takomillashtirish loyihalariga imtiyozli va grant mablag‘lari ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shu bilan birga, modernizatsiya jarayonlari, innovatsiyalar joriy etish, eksport, korporativ va savdo yo‘nalishlaridagi loyihalarni suveren bo‘lmagan moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzolandi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish va kelgusida Germaniya korxonalarida ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi. 

Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida kelishilgan kimyo sanoati, geologiya, tibbiyot buyumlari, quyosh panellari uchun butlovchi qismlar, qurilish materiallari hamda uglerod tolasi ishlab chiqarish, zamonaviy logistika markazlarini yaratish kabi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Muhokama qilingan loyihalarni jadal amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rishga o‘zaro tayyorlik bildirildi. Har bir nemis kompaniyasiga alohida investitsiya menejerlari biriktirildi, mamlakatning GFRdagi elchixonasi, Germaniya Federal kansleri idorasi va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi o‘rtasida video-konferens-aloqa tarzida muntazam muzokaralar olib borish, loyiha jarayonlarini o‘rganish va zarur tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha ishlarni tashkil qilishning yangi algoritmi kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: