O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
BMT bilan urushayotgan Isroil
So‘nggi hafta ichida Isroil Janubiy Livandagi BMT tinchlikparvar kontingentiga o‘nga yaqin hujumlar uyushtirib, o‘ndan ziyod tinchlikparvar askarlarni yaraladi.
So‘nggi bir yil ichida Isroil askarlari G‘azoda ishlab kelgan BMTning kamida 220 xodimini o‘ldirgan, Isroil rasmiy shaxslari esa BMTga nisbatan yolg‘on ma’lumotlar tarqatib, tashkilotni «antisemit» deb atab kelishmoqda.
15 oktyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron vazirlar devonining haftalik yig‘ilishida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu «Isroil BMT qarori bilan tashkil topganini unutmasligi kerak»ligini ta’kidlab, bu tashkilot qarorlarini bajarishga bepisand munosabatda bo‘lishdan ogohlantirdi.
Isroil esa qamal qilingan G‘azo eksklavida sog‘liqni saqlash tizimini qasddan yo‘q qilish siyosatini olib bormoqda.
Bu harakatlar harbiy jinoyatlarga, shuningdek insoniyatga qarshi jinoyatlarga teng, deyiladi BMTning okkupatsiya qilingan Falastin yerlaridagi hodisalarni surishtirish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiyasi hisobotida.
Isroil zudlik bilan G‘azoda tibbiyot muassasalarini yo‘q qilishdek shafqatsiz harakatlarini to‘xtatishi kerak, — degan komissiya raisi Navi Pilley.
«Tibbiyot muassasalariga zarba berar ekan, Isroil salomatlik huquqiga zarba bermoqda va uzoq istiqboldda bu tinch aholi salomatligiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa, bu bolalarning salomatligiga og‘ir yuk bo‘lib tushadi», — degan u.
G‘azodagi vaziyat
Isroil qamal qilingan G‘azoda falastinliklarni genotsid qilish va etnik tozalash ishlarini olib bormoqda. «Jabaliya» qochqinlar lagerida 200 ming aholi 14 kundirki oziq-ovqat, ichimlik suvi va dori-darmonga yetisha olmayapti. Bu haqda G‘azo fuqarolik mudofaasi boshqarmasi matbuot kotibi Mahmud Basal «Anadolu» agentligiga ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi eksklavning shimolidagi uylar va boshqa infratuzilma obektlariga bombalar yog‘dirmoqda.
Otishmalar chog‘ida o‘ldirilgan falastinliklarning jasadlari vayronlar ostida, yo‘llarnng yoqalarida qolmoqda. Isroil armiyasi yerusti operatsiyasi o‘tkaza turib, harakatlangan har qanday jismga qarata o‘t ochmoqda.
G‘azoda yaqin bir necha oy ichida ilk marta insonparvarlik yordamlari samolyotlardan tashlangan. Kun kechirish uchun eng zarur buyumlar va oziq-ovqatlar parashyutlarda Xon Yunus yaqiniga tashlangan.
Texnik nosozlik tufayli yuklarning ayrimlari ko‘chirilgan falastinliklar joylashgan lagerlar ustiga kelib tushgan. Bu esa bir kishining o‘limiga va bir necha kishining yaralanishiga sabab bo‘lgan.
Isroil G‘azoga ayniqsa quruqlikdan insonparvarlik yordami yetkazishga qat’iy cheklov o‘rnatgan. Bu esa oziq-ovqat, dori-darmon va yonilg‘i yetishmovchiligini keltirib chiqargan. Ocharchilik yosh bolalar va qariyalarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon boshlangan bosqinda G‘azoda halok bo‘lganlar soni 42 ming 438 kishiga yetgani ma’lum qilinmoqda. Ularning 11 mingdan ziyodi ayollar va 17 mingdan ziyodi yosh bolalar. Yana 99 ming 246 kishi yaralangan.
Isroil armiyasi esa o‘tgan davrda 740 nafar askaridan ajralganini ma’lum qilgan.
Zelenskiyning «g‘alaba» rejasi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining maxfiy g‘alaba rejasi Ukrainani kuchaytirish bo‘yicha konkret imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamkorlarga taqdim etilganini ta’kidlagan.
Zelenskiyning fikricha, agar ular Ukraina Rossiya bilan gaplashishni xohlashsa, «stol atrofida teng o‘tirishi» uchun Kiyevni «kuchaytirish»lari lozim.
Bundan tashqari, AQShda bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng yangi prezident yuritadigan siyosat o‘zgaradigan bo‘lsa, bunga javoban «B reja» ishlab chiqilgan. Reja urushni yanada rivojlantirish yoki tugatishga ta’sir o‘tkazadi.
Zelenskiy shuningdek, Germaniya Ukrainani NATOga taklif qilishga qarshi chiqayotganini ham ta’kidlagan.
«Biz Ukrainaning kelajagi haqida ko‘p gaplashdik. Men uchun nemislarning pozitsiyasi juda muhim. Fikrimcha, nemislar hozircha biroz ikkilanib, ishonqiramay turishibdi. Biz har qachongidan ko‘ra AQSh bilan NATOga yaqinmiz», — degan Zelenskiy.
U shuningdek, Germaniya hamon uzoq masofalarga ucha oladigan qurollarni Ukrainaga berishga ko‘nmay turganini ta’kidlagan.
Bu orada Germaniyaga kelgan AQSh prezidenti kansler Olaf Shols bilan uchrashuvda «Ukrainani adolatli va barqaror tinchlik topmaguncha» qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi.
Bayden «Ukrainani adolatli va barqaror tinchlik topmaguncha» qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish kerakligini ta’kidladi. Garchi bu katta xarajat talab qilsa-da, «bu tajovuz hukmron bo‘lgan, yirik davlatlar qo‘lidan kelgani uchun hujum qilib, kichikroq davlatlarni qo‘rqitadigan dunyoda yashash narxiga nisbatan pastroq», dedi Bayden.
Shols ham Germaniya Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
«Putin noto‘g‘ri o‘ylayapti. U bu urushga dosh bera olmaydi», — dedi Shols. Shu bilan birga, u «bu urush bundan-da katta falokatga aylanib qolmasligi uchun» NATOni mojaroda bevosita ishtirok etmaslik haqida ogohlantirdi.
KXDR askarlari Rossiyada
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol «KXDR qo‘shinlarining Rossiyaga ko‘chirilishi» yuzasidan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Koreya Respublikasi prezidenti ofisi ma’lumotlariga asoslanib, Bloomberg xabar qilmoqda.
Bayonotda «shimoliy koreyalik askarlarning Rossiyaga ko‘chirilishi yuzasidan axborotlar tinglangani» ma’lum qilingan. Ofis buni Janubiy Koreya va jahon hamjamiyati uchun «jiddiy xavfsizlik tahdidi», deb baholagan.
Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi xabariga ko‘ra, KXDRning 12 mingga yaqin askarlari Rossiyaga keltirilgan va Ukrainadagi urushga jo‘nashga tayyor. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR askarlari Rossiyaning sharqiy hududlarida tayyorgarlikdan o‘tmoqda va noyabrdan boshlab Ukrainadagi janglarga kirishadi. Bundan tashqari, texnik personal allaqachon rossiyalik harbiylarga raketa qurilmalarini o‘rnatishda yordam bermoqda.
Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov ham 2600 nafar askardan iborat ilk KXDR bo‘linmasi Kursk oblastiga jo‘natilishini aytgan.
Janubiy Koreya razvedkasi Primore o‘lkasidagi KXDR askarlari tayyorlanayotgan harbiy obektlar suratlarini namoyish etgan.
Suratlarda Ussuriyskda 400 tacha shimoliy koreyalik askarlar platsda joylashgani, Xabarovskda esa KXDRlik 240 ta harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgani tasvirlangan. Har ikki surat 16 oktyabr kuni tushirilgan, deyiladi Janubiy Koreya razvedkasi press relizida.
Putinning bayonotlari
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada yadroviy qurol paydo bo‘lish imkoniyatini «xavfli provokatsiya» deb atadi.
Rossiya «hech qanday shart-sharoitlarda» Ukrainada yadroviy qurol paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bera olmaydi, degan Vladimir Putin BRIKS davlatlari ommaviy axborot vositalari rahbarlari bilan uchrashuvda.
«Zamonaviy dunyoda yadroviy qurol yaratish qiyin emas. Men Ukraina hozir bunga qodir yoki yo‘qligini bilmayman, lekin bugungi Ukraina uchun bu oddiy narsa emas. Bu ishda ko‘p murakkab jihat yo‘q, qanday qilinishi tushunarli. Lekin bu xavfli provokatsiya. Chunki bu yo‘nalishdagi har qanday qadam, shubhasiz, tegishli reaksiyaga duchor bo‘laveradi», — degan Rossiya prezidenti.
Putinning qayd etishicha, Ukraina siyosiy rahbariyati «bir necha bor» «Ukraina yadroviy qurolga ega bo‘lishi kerak», deb takrorlab kelmoqda, boz ustiga, bu chorlovlar krizis qaynoq fazaga o‘tishdan avvalroq yangray boshlagan.
«Shuni aytishim mumkinki, Rossiya bunga hech qachon yo‘l qo‘yib bermaydi», — degan Putin.
Rossiya yetakchisi Ukrainadagi urushni tugatish va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muloqot o‘rnatishga tayyor ekanini, buning uchun Istanbul kelishuvlari asos bo‘lishini yana bir bor takrorladi.