Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa kengashining yetakchilar darajasidagi maxsus yig‘ilishida o‘zining «g‘alaba rejasi»ni taqdim qilmoqchi ekanini aytdi. «G‘alaba rejasi» Rossiyani tinchlikka majburlash uchun bizning vositamizdir. Bizning pozitsiyamiz qanday mustahkamlanishi kerakligini barcha Yevropa yetakchilari eshitadi. Biz bu urushni adolatli yakunlashimiz kerak», — deb yozgan u Telegramʼda Bryusselga ketayotib. Murojaatning to‘liq matni Ukraina prezidenti saytida ham e’lon qilingan.
Zelenskiy Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishelga ushbu taklif uchun minnatdorchilik bildirdi va bir qator rejalashtirilgan uchrashuvlar, xususan, Yevroparlament prezidenti Roberta Metsola va NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilishini bildirdi. «Biz Ukraina-NATO kengashining mudofaa vazirlari darajasidagi yig‘ilishiga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — deya qo‘shimcha qildi Ukraina prezidenti va hozir eng muhimi Ukrainani kelayotgan qish oldidan himoya qilish ekanligini ta’kidladi.
Zelenskiy KXDRni urushda Rossiya tomonida qatnashishda aybladi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 16 oktyabr kuni Oliy radadagi nutqida «g‘alaba rejasi» taqdimoti oldidan Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Ukrainaga qarshi agressiv urushda Rossiya tomonida bevosita ishtirok etgani haqidagi tasdiqlangan faktlarni ma’lum qildi. «RF rahbariyati boshchiligidagi «hujumchilar koalitsiyasi» hozirda 20 million koreysni garovda ushlab turgan Kim oilasi boshchiligidagi Shimoliy Koreyani o‘z ichiga oladi, bizning razvedka xizmatlarimiz nafaqat KXDRdan Rossiyaga qurol-yarog‘, balki odamlar ham o‘tkazilganini qayd etyapti», — deydi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining aniqlik kiritishicha, gap «urushda halok bo‘lgan Rossiya fuqarolari o‘rniga Rossiya zavodlarining ishchilari» va «Rossiya armiyasi xodimlari» haqida bormoqda. «Va bu fakt. Aslida, bu ikkinchi davlatning Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tomonida ishtirok etishi», — deya ta’kidladi Zelenskiy. U shuningdek, Eron rejimining RFga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordami haqida gapirdi. Ukraina prezidenti Rossiya Federatsiyasi va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik ham davom etayotganini aytdi. «Bayonotlardan farqli o‘laroq, Pekin RF rahbariyatini, uning tajovuzkorligini va BMT Nizomi buzilishini to‘xtatish uchun haqiqiy qadamlar qo‘yishdan tiyilmoqda», — dedi Zelenskiy.