Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Sholsni Rossiya ustidan «g‘alaba rejasi»ni amalga oshirish uchun Kiyevga uzoq masofali TAURUS qanotli raketalarini yetkazib berishga yana bir bor chaqirdi. Bu haqda Ukraina prezidenti 17 oktyabr, payshanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
Ayni paytda, federal kansler sammitda taqdim etilgan «g‘alaba rejasi»ga vazminlik bilan munosabatda bo‘ldi va avvalgi pozitsiyalaridan chekinishga tayyor emasligini ochiq aytdi. «Siz Germaniyaning tegishli masalalar bo‘yicha pozitsiyasini bilasiz, bu o‘zgarmaydi», dedi kansler. Shols yana bir bor Kiyevga uzoq masofali raketalarni yetkazib berishga rozi emasligini ular Moskvadagi nishonlarga tegishi mumkinligi bilan izohladi va Germaniya tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududida foydalanish uchun yetkazib berilgan qurollardan foydalanish qoidalarini yanada yumshatishni rad etdi.
Bryusselda Germaniya kansleri uning maqsadi Ukrainani Rossiyaga qarshi himoya qilishda birdamlik ko‘rsatish ekanini aytdi. Biroq, asosiy e’tibor «Ukrainani o‘zini himoya qilish vositalari bilan ta’minlashga» qaratilishi kerak, dedi u.
Bayden Kiyevga 425 mln dollarlik yordam paketi haqida ma’lum qildi
AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina uchun 425 million dollarlik (391 million yevro) xavfsizlik yordami paketini e’lon qildi. U, jumladan, qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa (HHM) vositalari, «havo-yer» sinfidagi o‘q-dorilar, zirhli texnika va «tezkor ehtiyojlarni qondirish» uchun boshqa qurollarni o‘z ichiga olgan. Bu haqda 16 oktyabr kuni Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Amerika davlati rahbari Ukraina rahbariga vakolat muddati tugagunga qadar Kiyevga yordamni oshirish borasidagi sa’y-harakatlari haqida ma’lum qildi.
Kelgusi oylarda Vashington Kiyevga bir qator qo‘shimcha jihozlar yetkazib beradi, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlariga yuzlab tutib olish qurilmalari, o‘nlab taktik havo hujumidan mudofaa tizimlari, qo‘shimcha artilleriya tizimlari, katta miqdordagi o‘q-dorilar, yuzlab zirhli transport vositalari va piyoda jangovar mashinalar, minglab qo‘shimcha zirhli mashinalar.