YeI boshpana berilmagan qochoqlar deportatsiyasini soddalashtiradi

Jahon 21:58 / 18.10.2024 1440

Yevropa Ittifoqi ko‘p yillardan beri chet elliklarga boshpana berish bo‘yicha aniq strategiyani ishlab chiqa olmayapti. Endi bo‘lsa YeIga a’zo 27 ta davlat va hukumat rahbarlari ishtirokidagi sammitda «barcha kamchiliklarni bir vaqtning o‘zida tuzatishga» qaror qilindi, deb yozadi Bild.

Qayd etilishicha, sammitda chegaralar xavfsizligini mustahkamlash, deportatsiya qonunchiligini soddalashtirish va Yevropa Ittifoqidan tashqarida ham boshpana berish tartibini joriy etish masalalari muhokama qilingan.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ham boshpana siyosatining kuchaytirilishini yoqlab chiqqan. Sammit ishtirokchilariga yo‘llagan maktubida u boshpana so‘rayotgan besh kishidan to‘rt nafari rad javobini olgan taqdirda ham YeIda qolib ketayotganini eslatib o‘tgan. «Shu boisdan Yevroittifoqning yangi qonunlari boshpana berish rad etilganlarni ommaviy ravishda deportatsiya qilish uchun soddalashtirilishi kerak», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, sammitda oldinlari jiddiy qabul qilinmagan taklif — avvaliga «uchinchi davlatda» vaqtincha boshpana berish amaliyoti ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan. Masalan, Niderlandiya hozirda Uganda bilan Afrikadan kelgan qochoqlarni ushbu mamlakatga yuborish bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborgan. Italiya ham shunga o‘xshash yo‘ldan bormoqda: O‘rtayer dengizi orqali keladigan qochoqlar Albaniyadagi qabul markazlariga yuboriladi va u yerda arizalar ko‘rib chiqiladi. Agar qochoqqa ijobiy javob berilsa, u Italiyaga kelishi mumkin, aks holda Albaniyaning o‘zidan deportatsiya qilinadi.

«Italiya barchasini to‘g‘ri qilmoqda. Albaniya misolida ishlab chiqilgan model kontrabandachilarning biznesini yakson qiladi, chunki qochoqlarda YeIga kirish bo‘yicha hech qanaqa kafolat bo‘lmaydi», — deydi germaniyalik siyosatchi.

Ko‘proq yangiliklar: