Turkiyaning 2025 yildagi mudofaa va xavfsizlik ehtiyojlari uchun xarajatlari 47 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda mamlakat vitse-prezidenti Javdat Yilmaz Anqarada respublika budjeti loyihasini taqdim etish jarayonida ma’lum qildi.
Hujjatga muvofiq, xarajatlarning katta qismi mamlakat harbiy sanoat majmualari ehtiyojlari uchun mo‘ljallagan.
«Mudofaa xarajatlari 913,9 milliard lirani tashkil etadi, ichki xavfsizlikni ta’minlashga esa 694,5 milliard lira ajratiladi. Mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar hisobga olinsa, 2025 yilda mudofaa va xavfsizlik uchun jami xarajatlar 1 trillion 608 milliard lira bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda», — deydi vitse-prezident.
Yilmazning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya budjetining jami xarajatlari 2025 yilda 14,7 trillion lira, daromadlari bo‘lsa 12,8 trillion bo‘lishi kutilmoqda. Budjet defitsiti YaIMga nisbatan 3,1 foizni tashkil etishi prognoz qilingan. TRT Haber ma’lumotlariga ko‘ra, budjet loyihasi hozirda parlamentga yuborilgan bo‘lib, u bo‘yicha debatlar dekabrda boshlanadi.
Mudofaa yangiliklariga ixtisoslashgan SavunmaSanayi portali Turkiyaning 2025 yilgi harbiy budjeti loyihasini rekord ko‘rsatkich deya qayd etdi, 2024 yilda ushbu maqsadlar uchun 40 milliard dollar ajratish rejalashtirilgan edi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi davlatlarining mudofaa xarajatlari 300 milliard yevrogacha oshgani, shuningdek, RF 2025 yilda urush uchun rekord darajadagi 13,5 trillion rubl ajratishi to‘g‘risida xabar berilgandi.