Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiyni Rossiya tajovuzkor bo‘lsa ham, Ukrainada urush boshlanishiga yo‘l qo‘yganlikda aybladi. Oq uyning sobiq rahbari mashhur yutuber Patrik Bet-Devidga intervyu berdi. Podkast 17 oktyabr, payshanba kuni chiqdi. Suhbat chog‘ida Tramp Zelenskiy «urush boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi», dedi.
AQShning sobiq prezidenti Ukraina rahbarini «men ko‘rgan eng buyuk sotuvchilardan biri» deb atadi va Ukraina Qo‘shma Shtatlardan shunchalik ko‘p yordam olayotganiga hayron bo‘ldi.
«Tarixda yana kim buncha ko‘p pul olgan?» – deya ritorik savol berdi u. «Bu hech qachon sodir bo‘lmagan va bu men unga yordam berishni xohlamayman degani emas, chunki men bu odamlarga hamdardman, lekin u bu urushning boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi», — dedi Tramp.
Zelenskiy avvalroq Tramp bilan NATO mavzusini muhokama qilganini aytdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp bilan avvalroq suhbatda Ukraina himoya bo‘yicha NATO a’zoligiga muhtojligini aytgan. Bu haqda Zelenskiy jurnalistlarga 17 oktyabr kuni Yevropa kengashining Bryusseldagi yig‘ilishidan keyingi yakuniy matbuot anjumanida ma’lum qildi. Ukraina prezidentidan iqtiboslarni Hromadske taqdim etdi.
Tramp bilan suhbat chog‘ida Zelenskiy Rossiya, xususan, Budapesht memorandumining kafolati ekanini, unga ko‘ra, yadro qurolidan voz kechishi evaziga Ukrainaga hududiy yaxlitlik va suverenitetni himoya qilish va’da qilinganini ta’kidladi. Biroq, bu Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush boshlashiga va uning hududlarini bosib olishiga to‘sqinlik qilmadi.
«Bu yirik davlatlardan, bu yadroviy kuchlardan qaysi biri jabr ko‘rdi? Hammasimi? Yo‘q, faqat Ukraina. Kim yadroviy quroldan voz kechdi? Hammasimi? Yo‘q, faqat Ukraina. Bugun kim jang qilmoqda? Ukraina. Donald Tramp bilan suhbatda men unga shunday dedim: «Chiqish yo‘li qanday? Yoki Ukraina yadro quroliga ega bo‘ladi – bu biz uchun himoya – yoki bizda qandaydir alyans bo‘lishi kerak». Biz bugun NATOdan boshqa hech qanday samarali alyansni ko‘rmayapmiz», deya Ukraina prezidenti o‘z suhbati tafsilotlarini ma’lum qildi. U Ukraina yadro qurolini emas, NATOni tanlashini va Tramp uni «eshitib», «Sizda adolatli dalillar bor», deganini qo‘shimcha qildi.