Serbiya Ichki ishlar vazirligi Rossiya fuqarosi Anton Bobrishevga Serbiyani tark etishni buyurdi va uning yashash uchun ruxsatnomasini uzaytirmadi. N1 telekanalining 16 oktyabr, chorshanba kuni xabar berishicha, rossiyalik avvalroq Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun miting tashkil qilgan va Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlamagan.
Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda sakkiz yil yashagan Bobrishev «xavfsizlik tekshiruvidan» o‘ta olmagan. Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Belgraddan 14 kilometr uzoqlikdagi Panchevoda ko‘chmas mulkka egalik qilish asosida Serbiyada vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani uzaytirish uchun ariza bergandi.
Avvaliga Ichki ishlar vazirligi rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi va uch kundan keyin rossiyalikka mamlakatni tark etish uchun 30 kun muhlat berdi.
Bu vaqt davomida Bobrishev Serbiyadan Moskva kompaniyasida IT mutaxassisi sifatida masofadan turib ishlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, olti yildan beri Rossiyaga bormagan.
RFdan olti dezertir Fransiyada vaqtinchalik vizalar oldi
Rossiya Federatsiyasida jinoiy ayblovlar bo‘yicha ta’qibga uchragan olti nafar rossiyalik dezertirlar vaqtinchalik vizalar oldi, bu ularga siyosiy boshpana so‘rash arizalari ko‘rib chiqilgunga qadar Fransiyada qolish imkonini beradi. Ukrainaga jangga jo‘natilgan va 2023 yil yozida qochib ketgan Rossiyaning sobiq shartnoma asosida xizmat qilgan askari Aleksandr Britaniyaning The Guardian gazetasiga qanday qilib Fransiyaga kelganini aytib berdi. Nashr ushbu materialni 16 oktyabr kuni o‘z saytida e’lon qildi.
«Fransiyaga qo‘nganimda, birinchi marta chuqur nafas ola oldim. Menda xotirjamlik va erkinlik hissi paydo bo‘ldi... Eng yomoni ortda qolgandi», — deydi u.
Huquq himoyachilari Rossiya Federatsiyasidan dezertirlar guruhi Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga qabul qilingan birinchi yirik holat haqida gapirmoqda.