17 oktyabr, payshanba kuni soat 7.00 lar atrofida BMTning UNIFIL qo‘shinlari tarkibida Livan qirg‘oqlari yaqinida joylashgan Germaniyaning Ludwigshafen am Rhein korveti yaqinlashib kelgan dronni qaytardi. Bu haqda dpa agentligi Bundesver qo‘mondonligi vakili ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. Dron mojaro ishtirokchilaridan birortasiga tegishli ekanligi ma’lum qilinmagan, biroq uning qismlari allaqachon dengizda topilgan va hozirda Germaniya harbiylari tomonidan tekshirilmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparati Naqurahdan (Livan janubidagi kichik shahar, 1978 yildan buyon u yerda BMT kuchlari joylashgan) shimoli-g‘arbda foydalanilgan va qirg‘oqdan ancha uzoqda bo‘lgan holda kemaga yaqinlashgan.
GFR va yana uch davlat Livandagi BMT askarlariga tahdidni qoraladi
Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari 14 oktyabr kuni Isroil va «Hizbulloh» guruhi o‘rtasidagi janglar oqibatida Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlariga yuzaga kelayotgan tahdidni qoraladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) xodimlariga qilingan har qanday hujum «xalqaro huquqni buzadi», deyiladi Annalena Berbok, Devid Lammi, Antonio Tayani va Jan-Noel Barro qo‘shma bayonotida. Tashqi ishlar vazirlari «Isroil va barcha tomonlarni har doim UNIFIL xodimlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga», shuningdek, BMT kuchlariga «o‘z mandatlarini bajarishda davom etishlariga imkon yaratishga» chaqirdi, deb xabar beradi AFP.
13 oktyabr kuni Isroil mudofaa kuchlarining (TsAHAL) Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlariga hujumi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel tomonidan qoralangan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrikning aytishicha, bunday hujumlar «harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin».
14 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi «Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) tomonidan Livandagi UNIFIL bir nechta obektlari o‘qqa tutilganidan «jiddiy xavotir» bildirdi, deb xabar beradi AFP. Hozirda Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Shveytsariya vakilining qayd etishicha, natijada bir necha tinchlikparvarlar jarohatlangan.