Ukrainadagi jang maydonida Rossiya armiyasidan sentabr oyida har kuni o‘rtacha 1271 kishi halok bo‘ldi va yaralandi. 17 oktyabr, payshanba kuni mudofaa vazirlari yig‘ilishi chog‘ida Bryusselda o‘tkazilgan brifingda Shimoliy Atlantika alyansining yuqori martabali amaldori shunday ma’lumotlarni taqdim etdi.
Bu Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich: may oyida NATO bu borada 1000 qurbon va yaradorlar sonini keltirgan edi. Rasmiy, shuningdek, alyans prognozlariga ko‘ra, Rossiyadan bunday yo‘qotishlar 2024 yil oxirigacha davom etishini ta’kidladi. U Rossiya yo‘qotishlarining ko‘payishini hozir nafaqat Xarkiv, balki Kursk oblastida ham shiddatli janglar olib borilayotgani, umuman olganda, butun front chizig‘i bo‘ylab janglar avj olgani bilan bog‘ladi.
Shu bilan birga, Rossiyada urushga yollash qizg‘in sur’atda davom etmoqda: oyiga taxminan 30 ming kishi, deya ma’lum qildi rasmiy, buning natijasida rus qo‘shinlari shu paytgacha inson resurslarini to‘ldirishga muvaffaq bo‘lishdi, ammo katta yutuq uchun ularga safarbarlikning yangi to‘lqini kerak bo‘ladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ikki aholi punkti nazoratga olingani haqida xabar berdi
Rossiya Mudofaa vazirligi Donetsk va Lugansk oblastlaridagi ikkita aholi punkti nazoratga o‘tganini ma’lum qildi.
«Tsentr» qo‘shinlar guruhining bo‘linmalari Krasniy Yar hududidagi janglarga jalb qilingan, deya xabar beradi idora.
«Zapad» qo‘shinlar guruhining bo‘linmalari faol hujum harakatlari natijasida Nevskoye aholi punktini ozod qildi», — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.
Idora, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari AQShda ishlab chiqarilgan uchta HIMARS reaktiv snaryadi va 56 ta samolyot tipidagi uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirganini qayd etdi.
«Tezkor-taktik aviatsiya, hujumkor uchuvchisiz uchish apparatlari, raketa kuchlari va Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari qo‘shinlari guruhlarining artilleriyasi ekipajsiz katerlar omborini vayron qildi, shuningdek, harbiy aerodrom infratuzilmasi, ikkita korxona: Ukraina Qurolli kuchlarini yoqilg‘i bilan ta’minlaydigan neftni qayta ishlash zavodi, portlovchi moddalar va o‘q-dorilar ishlab chiqarish joyi mo‘ljalga olindi», deb xabar qildi Rossiya idorasi.