Marburg virusi Ruandada asosan tibbiyot xodimlarida aniqlanmoqda - JSST

Jahon 23:01 / 18.10.2024 2196

Ruandada Marburg virusiga chalinganlarning 80 foizini kasallar bilan aloqada bo‘lgan tibbiyot xodimlari tashkil etmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotida so‘z boradi.

Hisobotga ko‘ra, mamlakatda 27 sentabrdan beri 62 kishida kasallik qayd etilgan bo‘lib, ularning 15 nafari vafot etgan, qolganlar sog‘ayib ketgan. Shu bilan birga, kasallikka chalinganlarning 80 foizdan ortig‘ini mamlakat poytaxti Kigalidagi ikkita shifoxonaning tibbiyot xodimlari tashkil etgan.

JSST hamon Marburg virusining Ruandada tarqalish xavfini «juda yuqori» deb baholamoqda, ammo global xatar darajasi pastligicha qolyapti.

JSST qo‘llab-quvvatlovi ostida Ruandada Marburg virusi natijasida yuzaga kelgan kasallikka qarshi dori vositalarining birinchi klinik sinovlari boshlangan.

Avvalroq Ruanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat hududidagi 30 ta tumandan yettitasida kasallik holatlari aniqlangandan so‘ng mamlakatda ushbu kasallik ilk bor avj olganini tasdiqlagandi.

Marburg virusi gemorragik isitmani keltirib chiqaradi, bu kasallikdan o‘lim darajasi 88 foizgacha yetishi mumkin. Virus to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa natijasida yuqadi. Kasallik belgilari orasida yuqori tana harorati, kuchli bosh og‘rig‘i va holsizlik, shuningdek ich ketishi, qorin og‘rig‘i va ko‘ngil aynishi kuzatiladi.

Marburg virusi Ebola virusi bilan bir oilaga mansub. Kasallik o‘z nomini 1967 yilda Germaniyaning Marburg shahrida yuz bergan epidemiya tufayli olgan. O‘shanda Germaniyaning Frankfurt, Serbiyaning Belgrad shahrida ham kasallanish holatlari qayd etilgan.

Yevropada kasallikning tarqalishi Ugandadan laboratoriya tadqiqotlari uchun keltirilgan Afrika yashil maymunlari tufayli boshlangan. Laboratoriya xodimlari maymunlarni yorib ko‘rish paytida uni yuqtirib olgan.

Ko‘proq yangiliklar: