Shimoliy Koreya hukumati 12 ming nafar harbiy xizmatchini, jumladan, maxsus topshiriqli bo‘linmalarni Ukrainadagi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun yuborishga qaror qilgan. Bu haqda Yonhap axborot agentligi Janubiy Koreya razvedka xizmati (NIS)ga asoslanib xabar tarqatdi.
Manbalar «qo‘shinlar safarbarligi allaqachon boshlangani»ni xabar qilgan.
Shu xabar munosabati bilan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Lyon razvedka va armiya vakillari bilan xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazgan.
«[Uchrashuv] ishtirokchilari Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi aloqalar harbiy yuklar tashish doirasidan chiqib ketgan hozirgi vaziyat nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro hamjamiyat xavfsizligiga ham jiddiy tahdid solayotgani haqida yakdil fikr bildirishdi», — deyilgan Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati bayonotida.
Shuningdek, bu tahdidga «Seul barcha mavjud vositalar bilan javob qaytarishi» ta’kidlangan.
Keyinroq janubliklar razvedkasi KXDR Rossiyaga askarlarning ilk partiyasini yuborib bo‘lgani, raketa qo‘shinlari zobitlari esa allaqachon urushda qatnashayotgani haqida xabar tarqatdi.
Razvedkaga ko‘ra, shimoliy koreyalik 1500 nafar askar allaqachon Rossiyaning Uzoq Sharqdagi poligonlarida joylashtirilgan, bu yerdan katta ehtimol bilan Ukrainaga yo‘l oladi.
Qayd etilishicha, shimoliy koreyaliklarga Rossiya harbiy formalari va soxta hujjatlar berilgan.
Bundan tashqari, janublik razvedkachilar shimollik raketachi zobitlar allaqachon harbiy harakatlar hududida ekani va Shimoliy Koreya raketalarini qo‘llashda yordam ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan.
Janubiy Koreya razvedkasi shimoliy koreyalik jangchilar Rossiyaga olib o‘tilganini ko‘rsatuvchi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va fotosuratlarni e’lon qilgan va Rossiyaga yuborilgan ayrim harbiylar yuzni tanish texnologiyasi orqali identifikatsiya qilinganini qo‘shimcha qilgan.
Bu vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Uzoq Sharqdagi poligonda shimoliy koreyalik askarlar harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgani aytilgan video tarqalmoqda.
Bu kutilgan yangilik
Janubiy Koreya rasmiylari avvalroq ham Shimoliy Koreyaning ayrim harbiy xizmatchilari allaqachon Ukrainadagi urushda ishtirok etayotganini aytishgandi. Lekin yuborilgan qo‘shin ko‘lami haqida aniq ma’lumot berilmagandi.
O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov shimoliy koreyalik 11 ming harbiy Rossiya sharqida harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgani, 1 noyabrga borib ular Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga tayyor bo‘lishi haqida aytgandi. U bu ma’lumot manbasini keltirmagandi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, 2600 nafar askardan iborat birinchi bo‘linma Kursk oblastiga yuboriladi. «Bizda hozir to‘liq kartina yo‘q», — deya Budanovning so‘zlarini keltirgan «Ukrainskaya pravda».
13 oktyabr kuni esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Shimoliy Koreya Rossiyaga nafaqat qurol berayotgani, balki amalda o‘z fuqarolarini Rossiya qo‘shini safida Ukrainaga yuborayotganini ham aytgandi. Ammo Kiyevning G‘arbdagi ittifoqchilari hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan.
The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, KXDR harbiy muhandislari Rossiya qo‘shinlariga Ukraina bo‘ylab Shimoliy Koreyaning KN-23 raketalari bilan zarba berishda ko‘maklashayotgani haqida yozgan. Nashrning Janubiy Koreya va Ukrainadagi suhbatdoshlari oktyabr oyi boshida Ukraina Donetsk atrofiga yo‘llagan zarba oqibatida halok bo‘lganlar orasida KXDR harbiylari ham bo‘lganini tasdiqlagan. Ular harbiy muhandislar yoki harbiy xizmatchilar bo‘lgani aniq emas
Rossiya hukumati Ukrainada shimoliy koreyalik harbiylar RF tomonida turib jang qilayotganini tasdiqlamagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ma’lumotlarni «navbatdagi hazil» deb atagan.
Janubiy Koreyaning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya armiyasidagi harbiy xizmatchilar soni 1,28 million kishini tashkil etadi.
Sentyabr oyida Kim Chen In, Shimoliy Koreyaga Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu kelganida, Rossiya xalqiga g‘alaba, farovonlik va baxt tilab, «KXDR hukumati Rossiya bilan har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq, hamkorlikni kengaytirishda davom etishi»ga ishontirgandi.