Kanada xorijlik talabalarga o‘qishni tugatgandan keyin mamlakatda qolib ishlashni cheklaydi

Jahon 18:36 / 18.10.2024 2948

2024 yil oktyabr oyi boshida migratsiya normalarida yangi o‘zgarishlar e’lon qilingandi. Bu o‘zgarishlar ta’limni tugatgandan so‘ng Kanadada ishlashni rejalashtirgan va shu maqsadda diplomdan keyingi ish ruxsatnomasini (post-graduate work permit, PGWP) olishni ko‘zlayotgan talabalarga tegishli bo‘ladi.

1 noyabrdan boshlab, PGWP uchun ariza beruvchilarning barchasi ingliz yoki fransuz tilini yetarli darajada bilishini isbotlashi talab etiladi. Universitet dasturlarini tamomlaganlar kamida yetti ball bilan Canadian Language Benchmarks (ingliz tili uchun) yoki Niveaux de competence linguistique canadiens (fransuz tili uchun) testini topshirganlik to‘g‘risida sertifikat taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Kollej bitiruvchilari uchun talablar pastroq: xuddi shu testlar bo‘yicha besh ball yetarli. Bunda til bilishning to‘rtala jihati: o‘qish, yozish, tinglash va gapirish bo‘yicha belgilangan chegaradan o‘tish zarur. Sertifikat PGWP uchun ariza berishdan kamida ikki yil oldin akkreditatsiya qilingan tashkilotdan olingan bo‘lishi kerak.

Bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olayotgan chet ellik talabalar uchun o‘zgarishlar faqat shu bilan cheklanadi. Ushbu talabalar o‘qishni tugatgandan so‘ng ariza topshirishi mumkin, biroq buning uchun ularning ta’lim muassasasi PGWP’ga da’vogarlik qilish huquqini beruvchi rasmiy ro‘yxatga kiritilgan bo‘lishi shart.

Kanadadagi universitet yoki kollejga boshqa o‘quv dasturlari bo‘yicha tahsil olishga kelgan talabalar esa muammoga duch kelishi mumkin. Yangi qoidalar PGWP huquqini beradigan ta’lim sohalarini beshta yirik tarmoq bo‘yicha 966 ta mutaxassislik bilan cheklaydi: qishloq xo‘jaligi va agro oziq-ovqat sanoati, sog‘liqni saqlash, STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika), savdo hamda transport.

2024 yil 1 noyabrgacha topshirilgan PGWP olish uchun arizalar ilgari amal qilgan qoidalarga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

Ekspertlarning yangi o‘zgarishlarga munosabati turlicha. Ko‘pchilik Kanadaga juda zarur bo‘lgan kasb egalari uchungina mamlakatda yashash va ishlash huquqini berish oqilona yo‘l, deb hisoblaydi. Yana bir guruh mutaxassislar muayyan sohalarda Kanada an’anaviy tarzda chetdan kelgan ishchilarga tayanishini va bu sohalar ro‘yxatga kiritilmagani sababli zarar ko‘rishi mumkinligini ta’kidlamoqda (masalan, mehmonxona sanoati).

Mutaxassislar, shuningdek, o‘quv muassasalarida dasturlarni PGWP huquqini beradigan va bermaydigan turlarga ajratishda chalkashliklar yuzaga kelishi mumkinligidan xavotirda. Kanada ta’lim sohasi vakillari hukumat yangi me’yorlarning samaradorligini kuzatib borishiga va natijalarga qarab ularga tuzatishlar kiritishiga umid bildirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: