Rossiyaning Kamchatka o‘lkasida 2025 yildan boshlab 15 ta yo‘nalishda chet el fuqarolarining ishlashi taqiqlanadi. Tegishli farmonni hudud gubernatori Vladimir Solodov 15 oktyabr kuni imzoladi.
Cheklovlar sayyohlik agentliklari, kutubxona va arxivlar, xavfsizlik va ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etiladi. Chet el fuqarolarining taksi va ijaraga olingan avtomobillarda ishlashiga taqiq ham amalda bo‘ladi.
Qayd etilishicha, bu taqiq faqat patent bo‘yicha ishlaydigan xorijlik ishchilarga tegishli. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOOI) mamlakatlari – Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston va Belarus fuqarolari o‘lkada ishlashda davom etishi mumkin.
Kamchatka o‘lkasida patent bo‘yicha ishlaydigan chet ellik ishchilar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun bir qator cheklovlar ilgari ham amal qilgan. Oxirgilardan biri, 2024 yil iyul oyida chet el fuqarolarining taksida ishlashiga cheklov kiritilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 22 mart kuni Tojikiston fuqarolari ayblangan «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan so‘ng o‘ndan ortiq hududlar, jumladan Novosibirsk, Samara, Tula, Magadan va Chelyabinsk oblastlarida ko‘plab sohalarda xorijlik fuqarolar mehnati taqiqlangan edi.
Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlarni taqiqlangan kasblarga ishga olganlik uchun katta miqdorda jarimalar joriy qilingan. Yuridik shaxslar million rublgacha, mansabdor shaxslar 50 ming rublgacha, migrantni yollagan jismoniy shaxslar esa 4 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.