O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Yahyo Sinvarning o‘ldirilishi
Tehronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilganidan so‘ng Falastin harakatiga rahbarlik qilayotgan Yahyo Sinvar ham G‘azo janubidagi Rafah shahridagi janglardan birida o‘ldirildi.
Tafsilotlarga ko‘ra, TsAHAL askarlari hududni tozalash bo‘yicha operatsiya o‘tkazishayotganda binolardan biridan ularga qarata o‘t ochilgan. Askarlar bunga javoban mobil raketa komplekslari bilan zarba berishgan. Keyin dronlar yordamida binoni tekshirishgan va jasadlarga duch kelishgan.
Isroil Yahyo Sinvarni 1200 kishini hayotdan olib ketgan 2023 yil 7 oktyabrdagi hujum arxitektori deb hisoblab kelayotgan edi.
Wall Street Journal nashrining yozishicha, Sinvar Yaqin Sharqda ko‘p frontalli urush keltirib chiqargan urush olovini yoqqan inson va «uning o‘limi bir yildan ziyod davom etayotgan urushda HAMASga berilgan eng katta zarba bo‘ldi».
2015 yilda AQSh Sinvarni «muhim ahamiyatga ega global terrorchi», deb tan olgan edi. 2 yil o‘tgach u HAMASning G‘azodagi rahbari bo‘ldi. Tehronda Ismoil Haniya o‘ldirilgach, Sinvar uning o‘rnini egallab, HAMASning yakka yetakchisiga aylandi.
Sinvar ham HAMAS jangchilari, ham Isroil uchun ramziy shaxs edi, deydi isroillik harbiy ekspert David Sharp.
«7 oktyabrdagi hujumdan so‘ng uning obro‘si jangchilar o‘rtasida keskin oshgan. Garovda ushlab turilganlar bo‘yicha muzokaralarda u qat’iylik namoyish qilar, ko‘pincha yangi shartlarni ilgari surardi. Hozir bosh masala — uning o‘rnini kim egallashi va u qanday siyosat o‘tkazishi. HAMASning asosiy kuchlari parchalangan, barcha nufuzli qo‘mondonlar yo‘q qilingan. Yangi yetakchi qolgan-qutgan jangchilarni nazoratga ololadimi yoki HAMAS anarxiyaga g‘arq bo‘ladimi? Yangi rahbar Isroil bilan muzokaraga kirishadimi? Shu savollar bor», — degan ekspert.
Sinvarning o‘ldirilishi G‘azoda urush to‘xtaganini anglatmaydi, garovda ushlab turilganlarni ozod qilish va HAMASni yo‘q qilish ishlari davom ettiriladi, degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.
«Bugun bizga zarar yetkazganlarni nima kutib turganini yana bir bir ko‘rsatib qo‘ydik. Biroq urush tugagani yo‘q. U juda qiyin va bizga juda qimmatga tushmoqda», — degan Netanyahu.
Hozircha HAMAS Sinvarning o‘ldirilishi yuzasidan bayonot bergani yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, endi HAMASga Xolid Mash’al boshchilik qiladi.
BMT Isroilga bosim talab qilmoqda
BMTning tinchlikparvar kuchlari Yevropa Ittifoqidan Isroilga bosim o‘tkazishni talab qilmoqda.
Yevropa Ittifoqining 16 ta davlati vakillari Fransiya va Italiya tomonidan tashkil qilingan, BMTning Livandagi tinchlikparvar kuchlari — UNIFIL bilan videokonferensiyada ishtirok etgan. UNIFIL Yevropa ittifoqini Isroilga siyosiy va diplomatik bosim uyushtirishga chaqirgan.
«Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, bunday voqealar ortiq takrorlanmasligi uchun Isroilga maksimal siyosiy va diplomatik bosim uyushtirish bo‘yicha umumiy xohish yuzaga keldi», — deyiladi Italiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Bu orada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Isroil bosqini fonida Livandagi tibbiyot muassasalarini himoya qilishga chaqirdi.
«JSST tibbiyot muassasalariga hujum qilishni bas qilishga chaqiradi», — deyiladi BMT agentligi bayonotida. «Og‘ir bombalashlar ayniqsa Livanning janubida ko‘plab tibbiyot muassasalarining yopilishiga olib kelmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil agressiyasi Livandagi 13 ta shifoxonani to‘liq yoki qisman ishdan chiqargan. «Izroil okkupatsion rejimi Bayrutda G‘azoda qilgan razilliklarini takrorlamoqda, — degan Livan sog‘liqni saqlash vaziri Firas al-Abyad.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi — UNRWA'ni moliyalashtirishni AQShdan boshqa barcha davlatlar yana boshlab yuborgan. Bu haqda tashkilotning bosh komissari Filipp Lazzarini ma’lum qilgan.
Avval bir necha g‘arb davlatlari agentlikni HAMAS bilan hamkorlikda gumonlab, moliyalashtirishni to‘xtatgan edi.
Keyinroq UNRWA Isroilni HAMAS bilan aloqalar borasida yolg‘on ko‘rsatmalar uydirish maqsadida agentlik xodimlarini hibsga olishga uringanlikda ayblagan edi.
Yamanga hujum kuchaytirilmoqda
AQSh 16 oktyabr kuni Yamanning husiychilar nazorati ostidagi hududlarida joylashgan beshta yerosti qurol-yarog‘ omborlariga yuqori aniqlikda zarbalar bergan. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning bayonotida aytiladi.
«Amerika kuchlari husiychilar tomonidan mintaqadagi fuqarolik va harbiy kemalarga zarbalar berishda ishlatadigan turli qurol-yarog‘lar saqlanayotgan bir nechta yerosti obektlariga zarbalar berdi», — degan Ostin.
AQSh avvalroq ham Yamandagi husiychilar bilan bog‘liq turli 15 ta obektga hujum uyushtirgan edi. Harbiy obektlar, neft omborlari, portlar va aeroportlarda portlashlar ro‘y bergan edi.
Lloyd Ostinning aytishicha, prezident Jo Bayden husiychilarning «beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlari»ni davom ettirish imkoniyatini yanada susaytirish, «jahondagi eng muhim suv yo‘llaridan birida» Amerika kuchlari va personalini himoya qilish uchun maqsadli zarbalar berishga ruxsat bergan.
Zelenskiy yadroviy qurol haqida
Ukraina prezidentining yadroviy qurol to‘g‘risidagi fikrlari keng muhokama mavzusiga aylandi. Zelenskiy agar Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasa, yadroviy qurol ishlab chiqarishni qaytadan boshlash rejalari haqida so‘z ochgan.
«Ukraina yo NATOga a’zo bo‘ladi, yoki yadroviy qurol ishlab chiqa boshlaydi», — degan Zelenskiy Yevropa kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida.
«Kim yadroviy qurolidan voz kechgan? Hammami? Yo‘q, faqat Ukraina. Bugun kimga hujum qilishdi? Ukrainaga. Donald Tramp bilan suhbatda ham men unga shunday dedim. «Paydo bo‘lgan vaziyatdan chiqishning qanday yo‘li bor? Yoki Ukrainada yadroviy qurol bo‘lishi kerak, yoki biz qandaydir alyansga a’zo bo‘lishimiz shart». Biroq hozirgi kunda bizni himoyalay olishi mumkin bo‘lgan NATOdan boshqa alyans yo‘q», — degan Zelenskiy.
Zelenskiy yadroviy qurolni emas, Shimoliy Atlantika alyansini tanlaganini ta’kidlagan.
«Donald Tramp ham meni eshitdi. U «sizning vajlaringiz juda adolatli», dedi», — degan Zelenskiy.
Bild tahlilchisi Yulian Ryopkega ko‘ra, Zelenskiyning bayonotlari g‘arb jurnalistlari uchun «shok» bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha oy avval ham yuqori martabali ukrainalik mulozim Ukraina Rossiya armiyasining Kiyevga ikkinchi yurishiga toqat qilmasligini ta’kidlagan.
«Bizda materiallar bor, bilim bor. Agar buyruq berilsa birinchi atom bombasini bir necha hafta ichida yasay olamiz. G‘arb Putinning qizil chiziqlari haqida kamroq o‘ylab, bizning qizil chiziqlarimiz borasida ko‘proq qayg‘urishi kerak», — degan ukrainalik mulozim.
Ukrainalik harbiy ekspert Oleg Jdanov ham turli tipdagi — ham strategik, ham taktik yadroviy qurol yaratish uchun Ukrainada ilmiy-texnik salohiyat yetarli ekanini ta’kidlagan.
«Eng asosiysi — bizda xomashyo bor. Agar siyosiy qaror bo‘lsa, Ukraina bemalol uran qazib olishdan tortib, yadroviy qurol ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yopiq siklga ega mamlakatga aylana oladi», — degan u.
Keyinroq so‘zlari olovlanib ketayotganini ko‘rgan Zelenskiy ortga tisarildi va Ukraina yadroviy qurolga ega bo‘lishga harakat qilmayotganini ta’kidladi.
Payshanba kuni kechqurun Bryusselda o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlardan biri Zelenskiyga avvalgi brifingda aytgan so‘zlarini eslatib, yadroviy qurol yaratish uchun Ukrainaga qancha vaqt talab qilinadi, deb savol bergan.
«Ba’zan biz o‘zimizga o‘zimiz muammo yaratamiz, hozir siz ham aynan shu ishni qilyapsiz. Biz hech qachon yadroviy qurol yaratamiz, deb aytmaganmiz», — degan Zelenskiy.
Ukraina prezidenti 1994 yilgi Budapesht memorandumi haqida gapirgani, unga ko‘ra AQSh, Rossiya va Buyuk Britaniya tomonidan mamlakat hududida qolgan yadroviy arsenaldan Ukraina voz kechishi evaziga unga hudud daxlsizligi va xavfsizlik kafolatlari berilgani, biroq bu Rossiyaning hujumidan asray olmaganini eslatgan.
«Bu Budapesht memorandumi bizning xavfsizligimiz uchun yaroqli kafolat bo‘la olmaganini anglatadi. Shuning uchun men NATOdan boshqa muqobil ko‘rmayotganimni aytganman», — degan Zelenskiy.