Germaniya Kiyevga yetkazilgan qurollar haqidagi ma’lumotni yangiladi

Jahon 08:33 / 18.10.2024 1900

Germaniya hukumati 17 oktyabr, payshanba kuni o‘z veb-saytida o‘zini Rossiya agressiyasidan himoya qilishda davom etayotgan Ukrainaga qurol yetkazib berish haqidagi ma’lumotlarni yangiladi.

Xususan, yangi yetkazib berishlar tarkibiga 8 dona Leopard 1 A5 tanklari, ular uchun ehtiyot qismlar kiritilgan. Shunday qilib, bugungi kunda Germaniya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan ushbu modeldagi tanklar soni 88 tani tashkil etadi.

Yana 20 ta Marder piyoda jangovar mashinalari ehtiyot qismlari bilan Kiyevga yetkazildi. Hammasi bo‘lib, ushbu ta’minotni hisobga olgan holda, urush boshidan buyon Ukrainaga 140 ta shunday piyoda jangovar texnikasi o‘tkazildi. Bundan tashqari, Berlin Ukrainaga Leopard 2 va Leopard 1 tanklari uchun qo‘shimcha snaryadlar, Marder piyoda jangovar mashinalari uchun snaryadlar; bittadan IRIS-T SLM va IRIS-T SLS zenit-raketa tizimi; kemadan boshqariladigan Sea Sparrow raketalari, 3000 ta tankka qarshi RGW 90 granatalari; 6 ta PzH 2000 o‘ziyurar artilleriya moslamalari ehtiyot qismlari bilan (ilgari 14 ta shunday O‘AM o‘tkazilgan); 24 000 ta 155 mm artilleriya o‘q-dorilari; 4000 ta hujumkor dron; ikkita TRML-4D radari va boshqa turdagi qurollar jo‘natdi.

Boshqa narsalar qatorida, harbiy yordamning yangi partiyasi AIM-9L/I Sidewinder infraqizil yo‘naltirgichli qisqa masofali raketalarni o‘z ichiga oladi. Germaniya Qurolli Kuchlari veb-saytida aytilishicha, bunday turdagi raketalar Germaniya havo kuchlarida PA-200 Tornado va EF 2000 Eurofighter jangovar samolyotlarida o‘rnatilgan.

Shols YeIdan Ukrainaga yordamni oshirishni so‘raydi

Germaniya kansleri Olaf Shols Yevroittifoq sammitida Yevropa Ittifoqi hamkorlaridan Ukrainaga harbiy yordamni oshirishni so‘raydi. Bu haqda 15 oktyabr kuni Berlindagi hukumat vakiliga tayanib, Reuters xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya kansleri «yanada qanday qo‘llab-quvvatlash mumkinligini ko‘rib chiqish uchun albatta yana murojaat bilan chiqadi».

Ukraina Yevropa Ittifoqining 35 milliard yevro miqdoridagi kreditiga umid qilishi, xususan, undan qurol sotib olishda foydalanishi mumkin, deya eslatadi Reuters. Yevroparlament 22 oktyabrda uni yakuniy ma’qullashi kerak. Biroq, agar Qo‘shma Shtatlar moliyaviy yordamini e’lon qilsa, bu miqdor kamayishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: