Chexiya Ukraina uchun o‘q-dorilarni sotib olishni davom ettiradi

Jahon 09:32 / 18.10.2024 1450

Chexiya, Daniya va Niderlandiya hukumat rahbarlari 2025 yilda Praga tomonidan boshlangan Ukrainani o‘q-dorilar bilan ta’minlash tashabbusini davom ettirishga kelishib oldilar. Bu haqda 17 oktyabr, payshanba kuni Chexiya bosh vaziri Petr Fiala X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotda aytildi. Hujjatda uning daniyalik hamkasbi Mette Frederiksen va Niderlandiya vazirlar mahkamasi rahbari Dik Sxofning imzolari ham bor.

«Biz boshqa davlatlarni ham shunday qilishga chaqiramiz, bu butun Yevropa xavfsizligi manfaatlariga mos keladi», deb ta’kidladi Fiala.

Germaniya, Kanada va Portugaliya kabi jami 18 mamlakat iyun oyigacha Ukraina uchun 500 ming o‘q-dori, xususan, artilleriya va tanklarga yirik kalibrli snaryadlar sotib olish imkonini beruvchi 1,8 milliard dollar (1,66 milliard yevro) to‘plagan, deb eslatadi AFP.

Shoshilinch yetkazib berish «Ukraina oldidagi uzoq muddatli majburiyatlarimizni tasdiqlash uchun» zarur edi, deya tushuntirdi hukumat rahbarlari. Tashabbus, Yevropa Ittifoqi mart oyi oxirigacha Ukrainaga million snaryad yetkazib berish haqidagi va’dasini bajarmagani sababli o‘q-dorilar taqchilligini qisman to‘ldiradi, deya aniqlik kiritadi agentlik.

Ko‘proq yangiliklar: