AQShda kartotekadan topilgan Konstitutsiya nusxasi 9 mln dollarga sotildi

Jahon 20:54 / 18.10.2024 2015

AQSh Konstitutsiyasining 237 yillik noyob nusxasi kimoshdi savdolari orqali 9 million dollarga sotildi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, hujjat 2022 yilda Shimoliy Karolinadagi tarixiy binodan, chang bosib yotgan eski kartoteka javonidan topilgan. Ushbu hujjat 1787 yilda mustamlakachi davlatlar delegatlari Konstitutsiyaviy konvensiyada to‘planib, keyinchalik AQSh federal hukumatining asosiy qonuniga aylangan hujjat loyihasi ishlab chiqilganidan keyin chop etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi hujjatlardan jami sakkiz nusxa saqlanib qolgan va ularning yettitasi davlat ixtiyorida.

Kimoshdi savdolarida telefon orqali ishtirok etgan xaridorning kimligi oshkor etilmagan. Savdolar 50 ming dollar narxda boshlangan va sakkiz daqiqa ichida yakunlangan.

Konstitutsiya nusxasi ikki yil oldin Semyuel Jonston ismli shaxsga (o‘z vaqtida u Shimoliy Karolina gubernatori bo‘lgan) tegishli bo‘lgan tarixiy plantatsiyadan topilgan. 1983 yilda xuddi shu uydan topilgan Mustaqillik deklaratsiyasi nusxasi 412,5 ming dollarga sotilgandi, ammo Konstitutsiya nusxasi qandaydir sabablarga ko‘ra 2022 yildagina aniqlangan.

Konstitutsiya loyihasining yonidan Jorj Vashington tomonidan imzolangan maktub ham topilgan bo‘lib, u barcha shtatlardan hujjatni ratifikatsiya qilishni so‘ragan.

Oxirgi marotaba AQSh Konstitutsiyasining bu kabi nusxasi 1891 yilda kimoshdi savdolari orqali 400 dollarga sotilgan.

Ko‘proq yangiliklar: