Iyul oyida Donald Trampga uyushtirilgan suiqasdni tergov qilish topshirilgan mustaqil komissiya o‘z hisobotini e’lon qildi. Unda keltirilishicha, AQSh Maxfiy xizmatining «jiddiy kamchiliklari» mavjud bo‘lib, ular tezroq bartaraf etilmasa, mitingda Trampga uyushtirilgan suiqasdga o‘xshash holat yana takrorlanishi mumkin.
52 varaqli hisobotda xizmat rahbariyatini qayta ko‘rib chiqish taklif etilgan va Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodga uyushtirilgan hujumga «bir qator aniq kamchiliklar» sabab bo‘lgani keltirilgan.
Maxfiy xizmat allaqachon o‘z aybini tan olgan, uning direktori esa otishmadan bir necha hafta o‘tib iste’foga chiqqan. Xizmat direktori vazifasini bajaruvchi Ronald Rou yangi hisobotni yaxshilab o‘rganib chiqishni ma’lum qilgan.
Shtat va mamlakat huquq-tartibot organlari uchun tayyorlangan hisobotda komissiya o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yuqori martabali shaxslarni himoya qilayotgan agentlarni maqtagan, ammo ularning yetakchilik va madaniy kamchilarini qayd etgan. Bular sirasiga xodimlar orasida «tanqidiy fikrlashning yetishmasligi» va «o‘z fikrini aytishni» istamaslik kiradi.
Trampga suiqasd 13 iyul kuni kechqurun Pensilvaniya shtatining Batler shahridagi saylovoldi tashviqoti mitingidagi chiqishi vaqtida sodir bo‘lgandi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, oqibatda bir kishi halok bo‘lgan, ikki nafari og‘ir yaralangan. Federal qidiruv byurosining ma’lum qilishicha, suiqasdni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks uyushtirgan, u otib o‘ldirilgan.
AQSh Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitl 22 iyul kuni Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasida bergan ko‘rsatmasi paytida tanqidlar ostida qolib, iste’foga chiqqan. «Direktoringiz sifatida men xavfsizlik bo‘shlig‘i uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamga olaman», deb yozgan u Maxfiy xizmat xodimlariga yo‘llagan yakuniy maktubida.