Shimoliy koreyalik hakerlar 2017 yildan beri 3 milliard dollarlik kriptovalutalarni o‘g‘irlagan. Bu haqda Microsoft kompaniyasining kiberxavfsizlik bo‘yicha 2024 yilgi hisobotida so‘z boradi. O‘g‘irlangan mablag‘lar Pxenyan yadroviy dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.
Microsoft hisobotida qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar KXDRning yadroviy qurolni yaratish borasidagi xarajatlarining yarmidan ko‘pini qoplagan. Shu bilan birga, 2023 yilda 600 milliondan 1 milliard dollargacha mablag‘ o‘g‘irlangan.
Kompaniya o‘tgan yilning o‘zida bir nechta yangi KXDR guruhlarini aniqlagan. Tahlilchilarning hisoblashicha, ularning soni oshib borishi Kim Chen In rejimi tovlamachilik bilan bog‘liq hakerlik faoliyatida ishtirokini kengaytirib borayotganidan dalolat beradi.
Shimoliy Koreyadan tashqari Rossiya, Xitoy va Eron hakerlari ham faol ekani aytilmoqda.
Avvalroq Shimoliy Koreya hakerlari Germaniyaning Diehl Defence mudofaa kompaniyasiga kiberhujumlarni amalga oshirgandi. Ular virusli elektron maktublarni yo‘llab, xodimlarning kompyuterlariga kirishga uringan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining may oyidagi maxfiy hisobotiga ko‘ra, taxminan 3,6 milliard dollarlik kriptovaluta o‘g‘irlanishi ortida Shimoliy Koreya turgan bo‘lishi mumkin.