13 oktyabrdan O‘zbekistonning shimoliy hududlariga Ural (Rossiya) hududidan sovuq va nam havo massalari kirib keldi. Harorat kechalari +3...+8 darajagacha, shimoliy hududlarda -0...-2 darajagacha pasaydi, kunduz kunlari +13...+18 darajadan yuqori bo‘lmadi.
Sovuq tushishi bilan ko‘p kvartirali uylar ancha sovib qoldi. Qurilish, uy-joy kommunal vazirligi matbuot xizmati qonunchilikka muvofiq sutkalik harorat 8 gradusdan past bo‘lganda isitish mavsumi boshlanishini ma’lum qildi.
“Vazirlar Mahkamasining kommunal xizmatlar ko‘rsatishni tasdiqlash to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra xonadonlarni isitish ehtiyojlariga asosan issiqlik energiyasini berishda isitish davri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va tumanlar, Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlanadi va tamomlanadi. Isitish davri tashqi haroratning o‘rtacha sutkalik harorati 5 kunlik davr mobaynida 8 gradusdan past bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8 gradusdan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi belgilangan. Isitish mavsumining tugatilishi yoki boshlanishi borasida hududiy hokimliklar gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lumotlariga tayanadi”, - deyiladi rasmiy xabarda.
Veolia Energy Tashkent esa gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumotlariga asosan Toshkent shahar hokimining tegishli qarori chiqishi bilan isitish ta’minoti yoqilishini ma’lum qildi.
Xo‘sh sutkalik harorat yaqin kunlarda 8 gradusdan pasayadimi? O‘zgidromet matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, tashqi haroratning sutkalik 8 gradusdan past bo‘lishi yaqin bir hafta ichida kuzatilmaydi.
“Respublika hududiga hafta oxirida iliq havo massalari kirib kelishi kutilyapti. Sovuq antitsiklonlar kirib kelishini uch, besh kun va bir hafta oldindan prognoz qilamiz. Hozircha sovuq antitsiklonlar kirib kelishi borasida prognozlar yo‘q, - deyiladi agentlik bergan ma’lumotda.
O‘zgidromet hafta boshida e’lon qilgan xabarda payshanba va juma kunlari (17-18 oktyabr kunlari) antitsiklon sharqqa tomon siljishi, bu kunlarda O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik yog‘ishi ehtimoli kamligi aytilgan. “Havo harorati kechalari +3...+8 daraja atrofida bo‘lishi saqlanib turadi, juma kuniga borib kunduz kuni +17...+22 darajagacha ko‘tariladi”, - deyilgandi rasmiy xabarda.
Yangi ob-havo prognozida esa poytaxtda harorat 19 oktyabrda kechasi 5-10°, kunduzi 20-25°, 20 oktyabrda kechasi 7-12°, kunduzi 23-28°, 21 oktyabrda kechasi 10-15°, kunduzi 20-25° bo‘lishi ma’lum qilingan.