Isroil Hamas yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘ldirilganini tasdiqladi

Jahon 23:07 / 17.10.2024 9966

Isroil mudofaa kuchlari Hamas yetakchisi Yahyo Sinvar G‘azoda o‘ldirilganini tasdiqladi. Bayonotda aytilishicha, 16 oktyabr kuni berilgan zarbalardan birida 3 nafar hamaschi yo‘q qilingan. Keyinchalik ulardan biri Sinvar ekanligi aniqlandi.

«Bir yillik «ov»dan keyin Sinvar bilan «hisob-kitob qilindi», dedi shtab boshlig‘i, general mayor Gersi Halevi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats butun dunyodagi hamkasblariga yuborgan maktubida Sinvarning o‘ldirilishi isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va «G‘azoni Hamas va Eron nazoratidan xalos etish» uchun «imkoniyat yaratishiga» ishonch bildirdi.

Sinvar 2023 yil 7 oktyabrda Hamas tomonidan Isroilga qilingan hujumning asosiy tashkilotchisi va mafkurachisi sanaladi. U Isroil qamoqxonalarida 20 yildan ko‘proq vaqt o‘tkazgan va 2011 yilda almashinuv doirasida ozod qilingan.

Foto: ynet

Sinvar 2017 yildan beri Hamasning G‘azo sektoridagi bo‘limiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. 2024 yil avgustida u Tehronda o‘ldirilgan Ismoil Haniya o‘rniga Hamas siyosiy byurosi rahbarligiga saylandi.

Isroil mudofaa kuchlari 17 oktyabr kuni Sinvar yo‘q qilingan bo‘lishi mumkinligini e’lon qildi. Departament G‘azo sektorida uch jangari o‘ldirilgani, ulardan biri Hamas siyosiy byurosi rahbari bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Isroilning Channel 12 kanali xabariga ko‘ra, isroillik harbiylar zarba berilgan binoda Sinvar borligini bilmagan. Hujumdan so‘ng harbiylar binoga kirib, Sinvarga o‘xshash odamning jasadini topgan. Jasaddan tish fotosuratlari va DNK namunalari olingan, ekspertiza aynan shular orqali inson shaxsini aniqlashga yordam beradi. Sinvar uzoq vaqt Isroil qamoqxonasida o‘tirgani sababli, uning shaxsini aniqlash tezda amalga oshirilishi ta’kidlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: